Breaking News

BMT vakili Afg'onistonda xalqaro kuchlar sonini oshirish kerak deydi


BMTning Afg'onistondagi vakili Kay Aydening aytishicha, Afg'onistonda barqarorlikni ta'minlash uchun xalqaro kuchlar sonini oshirib, mahalliy armiya va politsiyani mustahkamlash lozim. BMT rasmiysi bu haqda Slovakiya poytaxti Bratislavada o'tgan NATO mudofaa vazirlari uchrashuvida so'zlagan.

Kay Ayde AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Stenli Makkristal fikriga qo'shilishini aytmoqda.

"Agar ishimizni eskichasiga davom ettiradigan bo'lsak - harbiy va noharbiy sohalarda, vazifalarimizni bajara olmaymiz. Ham Afg'oniston hukumati, ham xalqaro hamjamiyat ish uslubini o'zgartirsagina biror natijaga erishish mumkin," deydi elchi Ayde.

General Makkristal prezident Obamadan 40 minggacha qo'shimcha askar so'ramoqda.

"Qo'shinlar afg'on kuchlari bilan hamkorlikda harakat qilish va ularni tayyorlash uchun zarur," deydi Kay Ayde.

Uning aytishicha, koalitsiyaga kirgan boshqa davlatlar ham bunga o'z hissasini qo'shishi lozim.

Bratislavadagi majlisda AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts ham qatnashmoqda. U Yevropa davlatlarini Afg'oniston masalasida yordamini oshirishga chaqirmoqda.

Afg'onistonda prezident saylovlarining 7 noyabrga belgilangan ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik haqida so'zlar ekan, Kay Ayde bungacha bo'lgan saylovlarda soxtalashtirish hollariga aloqador rasmiylar yangi jarayonga jalb etilmaydi degan. Ammo bu safar ham qonunbuzarliklar bo'lishi ehtimoldan xoli emas, deydi u.

Ikki hafta ichida barcha muammolarni bartaraf etib bo'lmaydi. Ammo hech bo'lmaganda ularning darajasini kamaytirishga harakat qilamiz, deydi BMTning Afg'onistondagi elchisi.

Bratislavadagi NATO sammiti davomida alyans bosh kotibi Anders Fog Rasmussen va AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts ittifoqchilarni Afg'onistonda faolroq harakat qilishga da'vat etgan. NATO mudofaa vazirlari jangarilarga qarshi kurash va mamlakatni barqarorlashtirish borasida yangi reja qabul qilgan.

XS
SM
MD
LG