Breaking News

O'zbek muxolifati yana birlashishga harakat qilmoqda


O'zbekistonda amaldagi tuzumga muxolif guruhlar bugun Belgiya poytaxti Bryusselda anjuman o'tkazgan. Ular iyun oyida "13 may ittifoqi" deb nomlangan tashkilotga asos solib, muxolifatni birlashtirishga bel bog'lagan. Bu muxolifatchilarning ana shu yo'nalishdagi navbatdagi harakatidir.

"13 may ittifoqi" O'zbekistonda faoliyati man etilgan "Erk" Demokratik partiyasi, Shvetsiyada ro'yxatdan o'tgan "Tayanch" musulmon jamiyati va bir necha oy burun Germaniyada faoliyatini boshlagan "Andijon adolat va tiklanish" tashkiloti tomonidan tuzilgan. Maqsad Yevropa jamoatchiligiga tashkilot va uning vazifalari haqida ma'lumot berib, O'zbekiston hukumatiga muxolif barcha kuchlarni o'ziga jalb qilish.

"Erk" partiyasining surgundagi rahbari Muhammad Solihning aytishicha, tarqoq muxolifat yana birlashishga urinmoqda, ammo bu safargi harakat oldingilaridan farq qiladi.

""13 may ittifoqi"ga diniy-ma'rifiy tashkilotlarni ham qo'shdik. O'zbekiston hukumatining repressiv siyosati oqibatida mo'tadil diniy guruhlar radikallashdi. Tashkilotimiz maqsadi odamlarni qo'lga qurol olishga majburlaydigan radikalizatsiyani keltirib chiqaruvchi siyosat sabablarini analiz qilib, g'arb davlatlariga tushuntirishdan iborat. Agar bu tashkilotlarni normal demokratik jarayonga integratsiya qilmasak, ular ham radikal guruhlar qatoriga qo'shilib ketishi mumkin," deydi Muhammad Solih.

"Erk" yetakchisi tilga olgan tashkilotlardan biri "Tayanch" bo'lib, yaqinda Shvetsiyada ro'yxatdan o'tgan. Uning rahbari Muhammadsolih Abutovning aytishicha, musulmonlar ham demokratik jamiyatda yashashni istaydi. Biz tuzumni zo'ravonlik va qurol bilan ag'darish g'oyasiga qarshimiz, deydi Abutov.

"O'zbekistonlik musulmonlar, hukumat aytayotganidek, ekstremist yoki terrorist emasmiz. Maqsadimiz xalifalik emas, tinch va osoyishta jamiyat qurish. O'zbekiston hukumati o'zi iddao qilganidek demokratik bo'lsa, so'z, vijdon va e'tiqod erkinligini ta'minlab berishi zarur," deydi Abutov.

Bryusseldagi anjumanda asosiy mavzu "O'zbekistonda jamiyat radikalizatsiyasi va uni bartaraf etishda muxolifatning roli" bo'lib, unga ma'ruza qilish uchun Britaniyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi Kreg Myurrey va Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti professori Piter Sinot taklif etilgan. O'zbekistondan tashrif buyurganlar ham bor. Biroq Yevropada faoliyat ko'rsatayotgan, Tolib Yoqubov va Abdujalil Boymatov singari ko'zga ko'ringan huquq himoyachilari Bryusselga bormasligini ma'lum qilgan.

O'zbekiston Inson huquqlari jamiyati raisi Boymatovning aytishicha, muxolifat tanqidni to'g'ri qabul qilishni o'rganishi lozim.

"O'zbekistonda hukumatga moyil to'rtta siyosiy partiya bor. Ular demokratiyadan xoli va qo'g'irchoq partiyalardir. Afsuski, "Erk" va "Birlik" kabi partiyalarda ham demokratiya yo'q, chunki ularning rahbarlari, prezident Islom Karimov kabi, 20 yildan beri lavozimidan tushmaydi. Mana ikki yildirki, bolalar majburiy mehnatiga qarshi kampaniya bo'lyapti, lekin muxolif partiyalar bu aksiyada qatnashgani yo'q. Men so'nggi yarim yil ichida muxolifatni tanqid qilib kelaman. Shu sabab bo'lsa kerak meni Bryusseldagi anjumanga taklif qilishgani yo'q. Tanqidlarimni o'zlariga nisbatan tuhmat va haqorat sifatida qabul qilishmoqda."

Abdujalil Boymatov dunyoviy muxolifatning diniy guruhlar bilan birlashayotganidan xavotirda.

"O'zbekiston muxolifati borgan-sari yashillashib boryapti, ya'ni diniy yo'nalish kuchaymoqda. Ular uchun birinchi o'rinda O'zbekistonda demokratiya va erkinlikni o'rnatish emas, Islom Karimovni hokimiyatdan ag'darish vazifasi turibdi. Undan keyin nima bo'ladi, bu savolga ularda javob yo'q," deydi Abdujalil Boymatov.

Muhammad Solih masalaning bunday talqin etilishiga qarshi.

"Biz dinni faoliyatimizga qorishtirayotganimiz yo'q. Men diniy-ma'rifiy tashkilotlarni nazarda tutdim. Diniy tashkilot boshqa, diniy-ma'rifiy tashkilot boshqa. Biz ijtimoiy aktiv har qanday jamoa kuchidan xalq farovonligi va tinchligi uchun foydalanishimiz kerak. Turkiyani oladigan bo'lsak, u yerda amaldagi hukumat ham mo'tadil diniy tashkilotlardan tuzilgan. Ammo bu siyosatchilarni dinchi siyosatchi, radikal deb atab bo'lmaydi. Bu hukumat eng demokratik reformalarni amalga oshirmoqda," deydi Solih.

"13 may ittifoqi" tashkiloti faoliyati va vazifalari haqida gapirar ekan, "Erk" partiyasi rahbari tashviqotni kuchaytirish kerak deydi.

"Harakatlarimizni O'zbekiston ichida kuchaytirishimiz kerak. O'zbekistondagi izolyatsiya devorini yorib, targ'ibotga, o'zimizni tanitishga, tuzum haqidagi tahlil va fikrlarimizni xalqqa bildirishga intilishimiz lozim. So'nggi yillarda targ'ibot ishlari juda susaygan," deydi u.

Bryusseldagi anjuman ishtirokchilari Yevropa Ittifoqining O'zbekistonga qo'yilgan sanksiyalarni bekor qilish qaroriga norozilik bildirib, bugun ittifoq qarorgohi yonida namoyish qilgan.

XS
SM
MD
LG