Breaking News

Barak Obama Xitoyda huquqdan so'z ochdi


Osiyo bo'ylab safar qilayotgan prezident Barak Obama Xitoyda bo'lib, ikki davlat o'rtasidagi aloqalar mohiyatiga urg'u berdi.

Shanxayda talabalar bilan savol-javob qilar ekan, AQSh prezidenti axborot erkinligi ahamiyati haqida so'zladi.

Barak Obama Pekinda Xitoy prezidenti Xyu Tsintao bilan muloqot qildi. Undan oldin esa mamlakat moliya markazi - Shanxay shahrida talabalar bilan uchrashdi.

"Yirik davlatlar hamkorlik qilsa, ko'p yutuqlarga erishish mumkin," deydi u.

Uning aytishicha, hech bir mamlakat o'z davlat tizimini boshqasiga o'tkazishga harakat qilmasligi kerak. O'zaro hurmat bo'lishi zarur, ammo inson huquqlari borasidagi muammolar chetda qolib ketmasligi lozim.

"Fikr va e'tiqod erkinligi, axborot va siyosiy faollik erkinligi - bularning barchasi umumbashariy huquqlar. Har bir inson ulardan bahramand bo'lishi kerak," deydi prezident Obama.

Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Xitoy hukumatining bu boradagi siyosati, xususan Internetni cheklashiga qarshi.

"Texnologiya va axborot erkinligi xalq hayotidagi muhim omillardir," deydi u.

Ertaga Barak Obama Xitoy prezidenti va boshqa rahbarlari bilan yana muloqot qiladi. Iqlim o'zgarishi, savdo, Shimoliy Koreya va Eron atom dasturlari hamda Xitoyda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat muhokamada bo'ladi.

Bu prezident Obamaning Xitoyga ilk safari bo'lib, Pekin va Shanxay shaharlaridan tashqari Buyuk Xitoy devorini ham borib ko'radi.

XS
SM
MD
LG