Breaking News

Erondagi namoyishlarda qurbonlar bor


Eron poytaxti Tehronda muxolif namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o'rtasida ikki kun davomida qattiq to'qnashuvlar kuzatildi. Guvohlarning aytishicha, joylarda xalqqa qarata o't ochilgan. 8 kishining o'lgani haqida xabarlar bor.

Namoyishlar shanba kuni boshlangan edi. O'zaro to'qnashuvlar paytida olomon politsiya motosikllariga o't qo'yib, posbonlarga qarata axlat qutilarini uloqtirgan.

Muxolifatning Internetdagi sahifalarida yozilishicha, to'qnashuvlarda Eron muxolifati rahbari Mir Husayn Musaviyning jiyani o'lgan. Ba'zi joylarda politsiyachilar xalqqa qarata o'q otishdan bosh tortgani haqida ham xabarlar bor.

Ehson ismli tehronlikning Amerika Ovoziga telefon orqali ma'lum qilishicha, politsiya ko'zni yoshlantiruvchi gaz va elektrik to'qmoqlarni ishga solgan. Namoyishlarda ayollar ham ishtirok etgan.

Eronda Ashuro diniy marosimi nishonlanar ekan, qora libos kiygan yuzlab kishilar ko'chalardan "diktatorga o'lim" chaqiriqlari bilan o'tgan. Kimdir hattoki oliy diniy rahnamo Oyatullo Ali Xomeneiy suratini yirtib tashlagan.

Namoyishchilardan biriga ko'ra, politsiya ko'zga ko'ringan har bir kishini kaltakladi. Tehron politsiya mahkamasi boshlig'i xalqqa qarshi o't ochilganini inkor etadi.

Hukumat tartibsizliklarda Musaviyni ayblamoqda.

Muxolifat uning ko'zga ko'ringan 5 vakili hibsga olinganini aytmoqda. Uch nafari Musaviyning eng yaqin maslakdoshlari. Yana biri esa Eron sobiq tashqi ishlar vaziri Ibrohim Yazdiy.

Eron hukumati xorijiy matbuotga namoyishlarni yoritishni taqiqlagan.

Prezident saylovlarida nomzod bo'lgan muxolifatning yana bir yetakchisi Mehdi Karrubiy hukumatning namoyishchilarga qarshi kuch ishlatganini qoralagan. AQSh Davlat xavfsizlik kengashi ham bayonot chiqarib, xalqqa qarshi zo'ravonlik undan hayiqishdan dalolatdir.

XS
SM
MD
LG