Breaking News

Kuzatuvchilar: Odamlar hatto kimga ovoz berganini bilmaydi


O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi hisob-kitobiga ko’ra, parlamentga saylovlarda ovoz berish yoshiga yetgan fuqarolarning 90 foizi ishtirok etgan.

Saylov erkin, adolatli o'tib, jarayonda qonunbuzarliklar kuzatilmagan, deydi komissiya xodimlari. Ovoz berishni mustaqil kuzatib borgan faollar fikricha, aholi saylov kunigacha nomzodlar haqida tasavvurga ega bo'lmagan.

Markaziy saylov komissiyasi ham, O'zbekiston prezidenti Islom Karimov ham saylovlar adolatli va erkin o'tganini ta'kidlamoqda. Komissiya 27 dekabr kuni kechqurun bayonot berdi.

“Bu ro'yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,8 foizini tashkil qiladi. Shunday qilib, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to'g'risidagi qonunning 44-moddasiga muvofiq parlamentimiz qonunchilik palatasi deputatlari saylovi o'tgan deb hisoblanadi. Saylov qonunchilikda belgilanagani kabi demokratik prinsiplarga to'liq rioya etgan holda o'tkazildi”, - dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov.

O'zbekistonda 17 miliondan oshiq saylovchi ro'yxatga olingan, saylov jarayonida ularning aksariyati ishtirok etganiga mahalliy faollar shubha bilan qarashadi. Adolatli saylovlar uchun nodavlat tashkiloti rahbari Abdulla Tojiboy o'g'li so’zlariga ko'ra, u mustaqil ravishda Toshkent shahridagi bir necha saylov uchastkalarini kuzatgan.

“Qonunchilik juda ko'p hollarda buzilgan. Masalan, bitta oiladan 4-5 kishi uchun ovoz berishlar. Saylov qog'ozlari hammaga ham vaqtida yetkazilmagan. O'zgacha fikrlovchi kishilar, muxolifat a'zolari, huquq himoyachilariga saylov qog'ozi berilmagan, ular saylov bilan tanishtirishga ham chaqirilmagan. Bular hammasi inson huquqlari, saylovchilar huquqlarining toptalishidir”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Saylovda nomzodlar uchun ovoz bergan O'zbekiston prezidenti Islom Karimov jurnalistlar bilan uchrashuvda erkin va adolatli saylovlarning demokratik jamiyatdagi o'rnini ta’kidlab, parlament doimo to'lqinlanib turishi lozimligini ta'kidladi.

Toshkent shahrida ayrim saylovchilar bilan suhbatdan bilish mumkinki, ular hatto o'zlari ovoz bergan nomzodlarning ism-shariflarini ham bilmaydi. Mavjud fikrga ko’ra, odamlarda saylovga befarqlik kuchli, ovoz berish hech narsani hal etmasligini yaxshi bilishadi.

“Biz tomonga nomzodlardan faqat bittasi keldi, Toshkentdan. Oliy Majlisga ko'rsatilgan nomzodlarning o'zi to'rt kishi edi. U bilan o'tgan uchrashuvda ham qatnasha olmadim. Saylov haqida asosan shu televideniyedan umumiy bir narsa eshitdik, xolos. Odamlarda bir ishonch ham qolmagan. Hali haqiqiy bir saylov darajasiga yetib kelmadik. Bilmadim endi, ishonch yo'qda bir narsa o'zgarishiga”, - deydi saylovchilardan biri.

Oliy Majlisga saylovlarda mamlakatda ro'yxatga olingan to'rt rasmiy partiya qatnashdi, muxolif partiyalar har doimgidek saylovlardan chetda qolgan.

Muxolifat O'zbekistondagi saylovlar o'z ahamiyatini yo'qotganini ta'kidlamoqda.

“Saylov jiddiy siyosiy tadbir. Hokimiyatni tinch almashtirish uchun xalq qo'lidagi kuchli vosita. Biroq bu vosita mutlaqo xalq qo'lidan tortib olingan, hokimiyatga o'tib ketgan. O'zbekistonda saylov yo'li bilan hokimiyatni almashtirish mumkin emas. Shuning uchun ham O'zbekistonda saylovlar o'z mohiyatini yo'qotib bo'ldi”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

Tahlilchilar "O'zbekiston aholisining 4-5 milliondan oshig'i tashqarida, mehnat muhojiri ekan, saylovchilarning salkam 90 foizi ovoz berishi mumkin emas", deydi.

O'zbekiston Oliy Majlisidagi 150 o'rindan 15 tasi O'zbekiston Ekologlar harakatiga berilgan. 27 dekabr kuni harakar qurultoy o'tkazgan. Unda yashirin ovoz berish yo'li bilan Oliy Majlisga deputatlar saylangan.

XS
SM
MD
LG