Breaking News

Qirg'izistonda sobiq mudofaa vaziri 8 yilga qamaldi


Qirg’izistonda 2008 yilda mudofaa vaziri lavozimidan voz kechib muxolifatga qo’shilgan Ismoil Isoqov korrupsiyada aybdor deb topilib, sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Isoqov o’zini begunoh deb atab, hukumatni, xususan prezident Kurmanbek Bakiyevni siyosiy nayranglarda, tanqidga chiday olmaganlikda qoralamoqda.

Muxolifat nazarida Isoqov bugungi repressiya qurboni. Sobiq Tashqi ishlar vazirasi Roza Otunboyeva fikricha Bakiyev sobiq vazirini qamatib, tanqidlari uchun undan qasd olmoqda.

Yulg'ichlik va poraxo'rlik amaldorlar orasida tabiiy hol ekanini rad etmaydigan faollar deydiki, Qirg'izistonda shaxsga sig'inish, yakkahokimlik va qo'rquvga asoslangan tuzum ildiz otmoqda.

Hukumat, deydi ular, korrupsiyaga qarshi kurash bayrog'i ostida uni qoralagan har bir fuqaroning ketiga tushishga urinmoqda.

So’nggi yillarda Qirg’izistonda inson huquqlari ahvoli ancha salbiylashgani ko’zga tashlanadi. Ayniqsa faollar va jurnalistlarga xurujlar avjiga chiqqan. Mash’um jinoyatlardan birida jurnalist Gennadiy Pavlyuk oltinchi etajdan tashlab yuborilgan. Xalqaro hamjamiyat Qirg’izistonni uning qotilini topib adolatni ta’minlashga chaqirmoqda.

2007 yilda esa “Amerika Ovozi” muxbiri Alisher Soipov O’shdagi ishxonasi oldida otib o’ldirilgan edi. Uninig qotili ham haligacha erkinlikda yuribdi. Tergov ishlari boshi berk ko'chaga kirib qolgan.

XS
SM
MD
LG