Breaking News

Obama muammolarni tan olib, xalq ruhini ko'tarishga urinmoqda



AQShda prezident, konstitutsiyaga muvofiq, har yili Kongress va shu tariqa butun xalq oldida mamlakatning bugungi ahvoli haqida hisobot berishi va joriy yilda asosiy e'tibor nimada bo'lishini bayon etishi kerak.

Barak Obama Amerika iqtisodiyotini mustahkamlash eng muhim vazifa demoqda. Ishsizlikka qarshi kurash, sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish, ijtimoiy yordamni oshirish va federal sarf-xarajatni kamaytirish. Obama o'tgan hafta qilgan nutqida tashqi siyosatga ko'p to'xtalmadi. Ammo "Iroqdagi urushni bu yil tugatamiz. Afg'onistonda esa harbiy harakatlarni kuchaytirib, al-Qoida va Tolibonga zarba berishda davom etamiz" dedi.

Prezident uchun bugun Qo'shma Shtatlarda turmush va siyosat qanday ekanini izohlash oson emas. Bu degani cheksiz muammolarni tan olish. Berilgan va'dalar hali ham va'da bo'lib qolayotganini e'tirof etish. Byudjetidagi kamomad trillionlab dollarga teng. Obama nutqida xalq ruhini ko'tarishga urindi.

"Qiyinchiliklarga qaramay davlatimiz mustahkam",- deydi Obama.
Obama taklif qilgan islohot dasturini Kongress hamon ma'qullamagan. Bu mas'uliyatsizlik deydi u.

"Islohotdan yuz o'girmang. Bu bizga suv va havodek zarur",-deydi prezident.

Aholining 10 foizdan oshig'i ishsiz. Odamlar Oq Uydan norozi. Hukumat mablag'ni arzimas dasturlarga ishlayapti degan qarash hukmron. Prezident ayrim sohalarda xarajatni kamaytirmoqchi.

"Xuddi oilalar bizga eng zaruri hozir nima deb ish ko'rayotganidek, hukumat ham eng muhim sohalarga mablag' ajratishi, ba'zi dasturlarni vaqtincha bekor qilishga majbur",- deydi Obama.

AQSh shu yo'l bilan kelasi 10 yilda 250 milliard dollar yutmoqchi. Lekin xavfsizliki ta'minlash, sog'liqni saqlash va ijtimoiy yordam bobida bir tiyin ham ayalmaydi.

Muxolifat – Respublikachilar Obamani uzoqni ko'zlab ish tutmayotganlikda ayblaydi.

"To'g'ri, prezident ayrim dasturlarni chetga surib xarajatni kamaytirishga harakat qilmoqda. Lekin bu kam. Zamon shuni talab qilmoqdaki, biz har sohada hukumatning roli va uning hajmini cheklashimiz kerak",- deydi Virjiniya shtati gubernatori, respublikachi Bob Makdonnell.

Respublikachilar Obamadan "O'tgan bir yil ichida xavfsizlikni mustahkamlash uchun nima qildingiz" deb so'ramoqda.

"Yangi yil arafasida Detroytga uchayotgan samolyotda terrorist o'tirganini eshitib dahshatga tushdik. Hukumat qayoqqa qarayapti? Nega bu shaxs samolyotga chiqarilgan? Nega tekshiruv tizimi bu qadar bo'sh? Nega maxfiy xizmat ishni uddalay olmayapti? Xavfsizlik uchun ajratilgan mablag' qayoqqa ketayapti"? - deya so'raydi Makdonnel.

"Biz terrorga qarshi kurashda bo'sh kelmayapmiz. Al-Qoida qattiq zarba yegan. Iroqdagi urush bu yil tugaydi. Ishoning menga, askarlarimiz vatanga qaytadi",- deydi Obama.

XS
SM
MD
LG