Breaking News

Tojikistondagi saylovlarda Emomali Rahmon partiyasi g'alaba qilgan


28 fevral kuni Tojikistonda parlamentning quyi palatasi uchun saylovlar o'tdi. Dastlabki natijalarga ko'ra, prezident Emomali Rahmonning Xalq demokratik partiyasidan nomzodlar eng ko'p - 70 foiz ovoz olgan. Biroq xalqaro kuzatuvchilar jarayonni tanqid qilmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hisobotiga ko'ra, saylovlar qonunbuzarliklarga boy bo'lgan. Xalqaro kuzatuvchilar guruhi rahbari Pia Krismas-Mullerning aytishicha, bu hol Tojikistonda demokratik jarayonlarni ortga suradi.

Muxolifatdagi Islom uyg'onish partiyasi va Kommunistik partiya rahbarlari ham jarayon adolatsiz o'tgan deya shikoyat qilmoqda. Xususan, deydi islomiy partiya yetakchisi Muhiddin Kabiriy, mahalliy kuzatuvchilar bir kishining bir necha marotaba hamda oila a'zolari uchun ovoz berishini, kuzatuvchilar ishiga to'siq qo'yilganiga guvoh bo'ldi.

Sotsial-demokratlar partiyasi a'zosi Rahmatillo Zoirovning aytishicha esa, saylov byulletenida uning ismi bo'lmagan.

Yevropa tashkiloti bugun bayonot chiqarib, saylovlar tinch o'tgan bo'lsa-da, tashkilot talablariga javob bermagan, deydi. Unga ko'ra, hukumat harakatlariga qaramay, jarayon aholida qiziqish ug'otmagan. Shunga qaramay, deydi Pia Krismas Muller, Yevropa Parlamenti Tojikistonda saylangan yangi qonunchilik organi bilan hamkorlikka tayyor.

G'olib partiya rasmiysiga ko'ra esa, mayda qonunbuzarliklar bo'lgan va ularga joydagi saylov uchastkalari javobgar. Umuman olganda, deydi u, jarayon ochiq va adolatli o'tdi.

Rasmiy manbalarga ko'ra, saylovlarda 3,5 million saylovchining 85 foizi ishtirok etgan. Emomali Rahmon partiyasi ayni damda 63-o'rinli parlamentda 57 deputatga ega.

XS
SM
MD
LG