Breaking News

Hamjihatlik, kuchli iroda - Markaziy Osiyoda noyob ne'matlar


Tabiiy energiya manbalariga boy lekin suv va atrof-muhit masalalari yuzasidan o’zaro keskinlik avj olib borayotgan Markaziy Osiyoda turfa xil anjumanlar kundalik yangilik.

Lekin bu ziddiyatlarni yechish yo’lida biror konkret qadam ko’zga tashlanmaydi.

Mutaxassislar fikricha buning sabablari oddiy. Birinchidan, rahbarlarda iroda yetishmaydi va birdamlikka intilish yo’q. Ikkinchidan esa bu respublikalarni o’zaro manfaatlar asosida hamkorlikka undovchi biror regional tashkilot mavjud emas.

Toshkentda yaqinda favqulodda holatlar, tabiiy ofatlar yuz berganida aholiga tibbiy yordam ko'rsatish yo'llari haqida xalqaro konferensiya o’z ishini yakunladi.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha Jorj Marshal nomidagi Yevropa tadqiqot markazi tashkil etgan bu anjumanda AQSh va Germaniya mutaxassislari qatorida mintaqa davlatlarining mudofaa, favqulodda va so’gliqni saqlash tizimlaridan vakillari qatnashdi.

Halokatlar oqibatini bartaraf etish bo’yicha Markaziy Osiyo tibbiyot uyushmasini tashkil etish loyihasi ham muhokama qilingan.

3 mart kuni esa Ashgabatda Xalqaro Orol Jamg’armasi va BMT orasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Bu hujjat suvdan foydalanish, atrof-muhit muhofazasi yo’lida mintaqa davlatlarini hamjihatlikka chorlashni maqsad qilgan.

Bu jarayonlarni yaqindan kuzatayotgan sharhlovchilar nazarida esa xalqaro miqyosdagi harakatlarga qaramay biror o’zgarish sezilmaydi.

“Hammasi mintaqa davlatlarining o'ziga bog'liq”,- deydi siyosatshunos Farxod Tolipov.

“Masalan O'zbekiston o'z siyosatini jadallashtirib mintaqaviy ishlarga tashkilotchilik qilsa, hech qanday qudratli davlatlarga murojaat qilish uchun ehtiyoj qolmaydi. Muammolarni mintaqa darajasida hal etish mumkin. Maqsad bor joyda, natija ham bo’ladi. Qudratli davlatlarga murojaat qilib, baribir muammoga duch kelamiz. Deylik Rossiya mintaqa ishlariga aralashadigan bo`lsa, albatta o`zini geosiyosiy maqsadlaridan kelib chiqib ish tutadi. Bu esa vaziyatni yanada murakkablashtiradi”, - deydi u.

Markaziy Osiyo nafaqat seysmik faollik kuchli mintaqa, deydi olimlar, balki iqlim harorati ko’tarilib borayotganidan ham eng ko’p zarar ko’rishi mumkin bo’lgan hudud.

Asosiy muammo suvga borib taqaladi. Bu borada mintaqa davlatlarini qoniqtiradigan yechim topilmas ekan, chegarada vaziyatlar keskinlashishi, o`zaro hamkorlik oqsashi, siyosiy aloqalar buzilishda davom etishi mumkin.

Ayniqsa Tojikiston va O'zbekiston o'rtasidagi aloqalar yanada keskinlashgan. O’zaro ayblovlar ikki davlat matbuotidagi asosiy mavzuga aylangan.

Yaqinda “Markaziy Osiyo mintaqasidagi gigant GESlar loyihalari millionlab odamlar xavfsizligiga tahdidi soladi” nomli maqola qator markaziy nashrlarda bosildi. O'zbekiston Axborot Agentligi saytidan ham joy oldi.

Maqola mohiyati - O'zbekistonni GES qurilishlariga keskin qarshiligini yana bir bor qayd etish.

Hozircha bunday qarshiliklar Tojikiston tomonidan inobatga olingani kuzatilmaydi. “Rog'un” GES qurilishi davom etmoqda.

“Ikki qo'shni urushib qoldi deylik. Har xil vaziyat chiqadi. Qo’shni qo’shniga kerak bo`ladi", - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

"Ikkinchidan Tojikiston GESni qurishda davom etsa O'zbekiston blokada yo'liga o'tadi. Xullas, yomonlik qilaman desa topadi yo'lini. Munosabat keskinlashadi. Janjal davom etadi. Ikki rahbar bir- biri bilan kelishishi kerak. Ambitsiyalar bilan bunday chuqur masalani hal etib bo'lmaydi”.


XS
SM
MD
LG