Breaking News

Moskva metrosidagi xurujlarda 38 kishi halok bo'lgan


Moskva metrosida ikki ayol o’zini portlatib 38 kishining hayotiga zomin bo’lgan. Bugun ertalab yuz bergan bu portlashlarda 60 kishining qattiq jarohat olgani ma’lum.

Birinchi bomba "Lubyanka" bekatida portlagan. Ikkinchisi esa oradan 40 minut o’tib "Park Kulturi" metro stansiyani qaqshatgan.

Rossiya hukumati xurujlarda chechen jangarilarini gumon qilmoqda.

Federal Xavfsizlik Xizmati boshlig’i Aleksandr Bortnikovning aytishicha dastlabki tekshiruvlar suiqasdchilarning kavkazlik ekaniga ishora qilmoqda. Birida to’rt kilogram, ikkinchisida esa qariyb ikki kilogram og’irlikdagi portlovchi moddalar bo’lgani taxmin qilinmoqda.

"Amerika Ovozi" ning Moskvadagi muxbiri Pyotr Fedinskiyning xabar berishicha, voqea terror xuruji deya ta’riflanib, Rossiya Jinoiy kodeksining 205-moddasiga binoan tergov ishi ochilgan.

Har kuni Moskva metrosida 9 million odam qatnaydi. 1935 yilda ochilgan bu tizim kattaligi jihatdan jahonda Tokio metrosidan keyingi ikkinchi o’rinda turadi. Jami 172 bekat bor, ulardan 71 tasi boshqalariga qaraganda ancha chuqur ekani bilan tanilgan.

Lubyanka bekatiga olib boradigan yo’nalish odatda juda gavjum. Bu yerda yirik qamoqxonalardan biri hamda Federal Xavfsizlik Xizmatiga qarashli idoralar joylashgan. Yo’lovchilarning ko’pi shu maskanlarda ishlaydi.

Olga ismli moskvalik “Hujum shimoliy kavkazliklarning ishi”,- deydi.

“Shahar ularga to’la, ular juda kam pul topadi; quldek ishlaydi, quldek kun ko’radi”, -deydi bu ayol.

“Shahar aholisi dahshatda, ruhan tushkunlikda”,- deydi Mixail Vinogradov, taniqli psixolog. Uzoq yillar Ichki ishlar vazirligida ishlagan bu mutaxassisning bayon qilishicha, Rossiyada har yili kamida 350 terror xurujining oldi olinadi.

Moskva va boshqa yirik shaharlar bo’ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilar ekan, bugungi portlashlarda o’lganlar haqida to’liq ma’lumotlar hali mavjud emas.

Oxirgi marta Moskva bunday katta ko’lamdagi portlashga 2004 yilda guvoh bo’lgan edi. Ularda ham Shimoliy Kavkazda Rossiya hukmronligiga qarshi kurashayotgan guruhlar ayblangan edi.

AQSh rahbari Barak Obama Rossiyaga xalqiga hamdardlik bildirib, terrorizmga qarshi birgalikda kurash olib borish zaruriyatini eslatgan.

XS
SM
MD
LG