Breaking News

Qurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ketmoqchi emas


Mamlakat shimolida ommaviy namoyishlar o'tgan bir paytda, janubda vaziyat tinch ekani xabar qilinmoqda. Bishkekdan qochgan prezident Qurmanbek Bakiyev avval O'sh, so'ng Jalolobodga borgan. Ikki kunlik sukutdan so'ng Bakiyev xalqqa murojaat qildi, ammo radio yoki televideniye emas, Internet orqali.

Uning bayonoti bitilgan elektron maktub qirg'iz matbuotida chop etildi. Unda aytilishicha, Bishkekdagi voqealar davlat to'ntarishi bo'lgan. "Muxolifatning mas'uliyatsiz harakatlari natijasida", deyiladi bayonotda, "ko'plab begunoh vatandoshlar halok bo'ldi". Bakiyev Bishkekdagi talon-taroj, tartibsizliklarda muxolifatni ayblab, prezident vakolatlarini topshirmasligini bildirgan.

Sal avval ba'zi xabarlarda Bakiyev muxolifatga o'zi va oilasi xavfsizligi va mamlakatda qolish imkoniyati evaziga prezidentlikdan rasman voz kechishni taklif qilishi mumkinligi aytilgan edi. Biroq ushbu bayonotdan ko'rinib turibdiki, Bakiyev otdan tushsa ham, egaridan tushmoqchi emas. Mamlakatning aksariyat qismi muxolifat qo'liga o'tgan sharoitda prezidentning qo'lidan nima kelishi, janubda kimga tayanishi mavhumligicha qolmoqda.

Bugun Vashingtonda AQSh-Qirg'iziston konsultatsiyalari va biznes-forumda ishtirok etish uchun prezident Bakiyevning ikki o'g'lidan biri, Qirg'izistonning badavlat insonlaridan hisoblangan 32 yoshli Maksim Bakiyev mamlakat tashqi ishlar vaziri bilan Amerikaga uchib kelishi kerak edi.

Biroq Davlat departamenti matbuot kotibi Pi Jey Kroulining aytishicha, konsultatsiyalar bekor qilindi, ammo tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv bo'lishi mumkin.

Qirg'iziston-Shimoliy Amerika Savdo Kengashi rahbari Mark Millerning aytishicha, biznes-forum ham kechga qoldirilgan.

Maksim Bakiyev va hukumat delegatsiyasi hozir AQShdami, yo'qmi, ma'lum emas. Qirg'iziston elchixonasi telefon qo'ng'iroqlariga javob bermayapti.

XS
SM
MD
LG