Breaking News

Vashingtonda yadro xavfsizligiga doir sammit


<!-- IMAGE -->

Bugun Vashingtonda yadro xavfsizligiga doir o'tayotgan xalqaro anjuman o'z ishini yakunladi. Sammit mezboni, prezident Barak Obama jahonni yadro materiallaridan tozalashga doir aniq dastur zarurati haqida gapirdi. Ikki kunlik sammitda Obama 46 davlat rahbarlari bilan uchrashdi.

Obama yadro tahdidiga ko'z yummaslik kerak, dedi.

"Sovuq urush davridan beri davlatlar o'rtasida yadro urushi ehtimoli ancha pasaygan bo'lsa-da, terrorchi guruhlar ommaviy qirg'in qurollarini qo'lga kiritishga intilmoqda", - dedi AQSh rahbari.

Tahlilchilar nazarida sammit muvaffaqiyatli kechdi. Kecha prezident Obama Ukrainaning yangi saylangan rahbari Viktor Yanukovich bilan muloqot qilgach, bu davlat 2012 yilgacha kuchli boyitilgan uran omboridan qutulishini bayon qildi.

Kanada Bosh vaziri Stiven Xarper esa Ontariodagi laboratoriyalarida ishlatilgan yadro yonilg'isi 2018 yilga qadar AQShga topshirilishini ma'lum qilgan.

AQSh va Rossiya yadro quroli uchun ishlatiladigan plutoniyni mudofaa dasturlaridan chiqarmoqchi.

Biroq barcha davlatlarning ham sammitdagi chaqiriqlardan ko'ngli to'q emas. Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy uran va plutoniy kabi parchalanuvchi materiallarni ishlab chiqarishni taqiqlash da'vatlariga qarshi. Uning aytishicha, Pokiston tarixiy raqibi Hindistonga qarshi kuchli qurolga muhtoj.

"Yadro arsenallarimiz xavfsizligi ta'minlangan, bu borada haligacha biron-bir muammoga duch kelmaganmiz", - deydi G'iloniy.

Yadro dasturini amalga oshirayotgan, biroq sammitga taklif etilmagan Eron anjumandan foyda bo'lmaydi, degan.

Prezident Obamaning xavfsizlik masalalari bo'yicha maslahatchisi Jon Brennanning aytishicha, yadro tahdidi tobora kuchayib bormoqda. Bu kabi qurollarning al-Qoida yoki boshqa terror guruhlari qo'liga tushishining oldini olish zarur.

"Buning uchun esa", - deydi AQSh rasmiysi, "al-Qoidani mag'lub etish bilan bir qatorda portlovchi yadro moslamani yaratishda zarur uran yoki plutoniy kabi materiallarning ular qo'liga tushishiga yo'l qo'ymaslik kerak".

Vashingtondagi sammitga yadro texnologiyasi bilan tanish va unga aloqasi yo'q davlatlar rahbarlari taklif etilgan.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, har bir davlat zimmasiga o'ziga yarasha mas'uliyat yuklanadi.

"Ba'zilar o'zidagi yadro materiallari xavfsizligini ta'minlab jahon tinchligiga hissa qo'shsa, boshqa mamlakatlar ularning chegaradan o'tmasligini nazorat etib, muhim rol o'ynashi mumkin".

Shuningdek, bugun prezident Obama Germaniya kansleri Angela Merkel va Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an bilan yakkama-yakka muloqot qildi.

Yadro xavfsizligi bo'yicha kelasi sammit 2012 yilda Janubiy Koreyada o'tadi.

XS
SM
MD
LG