Breaking News

Amerikaning etnik tarkibi o'rganilmoqda


Amerikaning etnik tarkibi o'rganilmoqda
Amerikaning etnik tarkibi o'rganilmoqda




AQShda aholi o'n yilda bir marta ro'yxatga olinadi. Bu yil hisob-kitob avjida. 300 milliondan ziyod odamning birontasini nazardan qoldirmay, imkon qadar to'liq ma'lumot to'plash kerak. Ayniqsa yoshi, irqi va etnik kelib chiqishi haqida. Aholini ro'yxatga olishdan etnik ozchilikdagi guruhlar foyda ko'rishi mumkin.

Lotin amerikaliklar ushbu jarayon orqali davlat diqqatini o'ziga tortmoqchi. Biroq buning uchun ularning ko'p sonli ekani rasman tasdiqlanishi kerak. Shu sabab faollar AQShga Lotin Amerikasidan kelganlarni maxsus anketani to'ldirishga chaqirmoqda.

"Qancha ko'p lotin amerikaliklar savolnomani to'ldirsa, jamoa uchun shuncha yaxshi", - deydi faol Kristina La Paz.

AQSh Aholini ro'yxatga olish byurosi mamlakatda qanday va qancha etnik ozchilikdagi guruhlar borligini bilmoqchi.

Byuro aholini faol bo'lishga chaqirib, turli tillarda reklama yaratmoqda. Jami 62 tilda video va boshqa turdagi axborot materiallari tayyorlangan.

Byuro direktori Robert Grovsning aytishicha, aholini ro'yxatga olish kampaniyasi natijasida yangi muhojirlar haqida ma'lumot to'planadi.

"Ular ham ko'p elatli mamlakatimizning bir qismini tashkil etadi", - deydi u.

Etnik guruh a'zolari soni qancha ko'p bo'lsa, hukumatdan ana shu jamoa uchun shuncha ko'p yordam puli olish mumkin.

Vashington yaqinida yashovchi musulmonlar ibodat qilish uchun Dorul Hijra islomiy markaziga boradi. Shayx Muhammad al-Hanutiy masjidga kelgan musulmonlardan savolnomani to'ldirishni so'ramoqda.

"Passiv bo'lmanglar. Axir bizga yordam berishmoqchi. Anketani to'ldirsangiz, oilangiz bundan foyda ko'rishi mumkin", - deydi u.



Qonunga ko'ra, AQShdagi barcha odamlar, hatto noqonuniy immigrantlar ham ro'yxatga olinishi kerak, ammo hamma ham davlatga ishonmaydi.

Al-Hanutiy yaqinda kelgan barcha musulmonlarni Amerika hayoti, demokratiyasining har bir jabhasida faol qatnashishga chaqiramiz, deydi.

"Agar bu mamlakatda yashashga ahd qilgan bo'lsangiz, ijtimoiy hayotdan chetda qolmaslikka harakat qiling", - deya musulmonlarni faol bo'lishga da'vat etadi Al-Hanutiy.

Virjiniya shtatiga ko'chib kelayotgan ko'plab sikxlar ham jamoa sifatida e'tirof etilishni istaydi.
Aholini ro'yxatga olish byurosi ma'lumotiga ko'ra, sikxlar diniy guruhga kiradi, ammo qonun bo'yicha savolnomada e'tiqod haqida so'rash taqiqlanadi. Sikxlar huquqlarini himoya qiluvchi guruh vakili bundan norozi.

"Kongressmen yoki senator bilan uchrashuvga chiqsam, mendan "rayoningizda qancha sikx bor", deb so'rashadi, men esa aniq javob bera olmayman", - deydi afsus bilan jamoa faoli Jasprit Singx.

Savolnoma natijalariga qarab "Amerika qaysi etnik guruhlardan iborat" degan savolga javob olish mumkin.

Etnik ozchilikdagi guruhlar soni ko'paygan sari oq tanli amerikaliklar safi siyraklashmoqda. Aholini ro'yxatga olish byurosi ma'lumotiga ko'ra, asr o'rtasiga borib, ular ozchilikka aylanadi.

XS
SM
MD
LG