Breaking News

AQShda saylovlar oldidan prezident Obamadan norozilar ko'p


<!-- IMAGE -->

Amerikada shu yil oxirida saylovlar. Kongressga yangi a’zolar va shtatlar bo’ylab yangi rahbarlar saylanishi kutilmoqda.

Prezident Barak Obama uning partiyasi, ya’ni demokratlar Kongressdagi ko’pchilik o’rinni saqlab qoladi degan umidda. Ammo jamoatchilik respublikachilar tomonda.

Siyosatchilar saylovchilarga o’z dasturini tushuntirish bilan band. Hammaning og’zida bir gap – Obamaning shuhrati avvalgidek baland emas.



Treysi Lorens kabi faollar, aksincha, xavotirga o’rin yo’q, demokratlar yutib chiqadi deydi.

“To’g’ri, sog’liqni saqlash islohoti biz ko’zlagandek keng qamrovli bo’lib chiqmadi. Lekin Obama qo’lidan kelgancha harakat qildi. Qonun qabul qilingani katta gap”, - deydi faol.

Siyosiy sharhlovchi Ser Kuper fikricha saylov yaqinlashishi bilan demokratlar ham chaqqonroq harakat qilishi kerak.

“Bilasizmi, hukmron partiyada g’ayrat, shijoat sezilmayapti. Respublikachilarga bir qarang: ushlab olsa, qo’yib yubormaydi. Hech kimni ayash, kechirish yo’q. G’ayrat kerak”,- deb hisoblaydi u.

Las Vegas shahrining narigi burchagida Respublikachilar yig’inlari. Ular ham o’z tarafdorlarini siylab siypash bilan band.

Sharon Engl Nevada shtatidan Senatga saylanmoqchi. Obama yuritayotgan siyosat uning nutqlarida asosiy mavzu.

“Janob Obama prezidentlikka kelganidan beri nimaiki qilgan bo’lsa, barcha qarorlari o’rta va kichik biznesga, oilalarga ziyon keltirdi. Undan norozi odamlar juda ko’p”, - deydi siyosatchi.

Nomzodning bu so’zlariga Sten Pullen kabi tadbirkorlar ham qo’shiladi. Tibbiy islohot dasturi, deydi u, xalq bilan maslahatsiz qabul qilindi. Odamlar ma’muriyatdan juda norozi.

“Kongressdagi vakillarimiz Obamaga ergashib, shu bo’lmag’ur dasturga ovoz berib o’tirishibdi. Nega bizning xohish-istagimiz hisobga olinmadi? Yo ular bizdan yaxshiroq biladimi”? - deydi Pullen.

Soliqqa qarshi konservativ harakat a’zolari yaqinda Nevadada namoyish o’tkazdi. Bu harakat safi kun sayin kengayib bormoqda. Hukumatga nisbatan tanqidlarning cheki yo’q.

“Agar saylansam, birinchi navbatda ma’muriyatni sudga beraman”,- degan va'dalar quloqqa chalinadi.

Xarris Xoller ismli mana bu amerikalik bugungi rahbariyatni har jihatdan qoralaydi:

“Manfaatlarimizni kim himoya qilsa, o’shanga ovoz beramiz”.

Tahlilchilar nazarida esa saylov natijasini hal qiluvchi faktor bu – Amerikadagi iqtisodiy ahvol.

“Amerikaliklar uchun hech bir masala iqtisodiyotdan ustun turmaydi. Hammaning xayolida oila boqish, ishsizlik. Nevada inqirozdan ancha qiynaldi. Qayoqqa qaramang, ishsizlik…”, - deydi Deyvid Deymur.

Las Vegas iqtisodiyotining tayanchi hisoblanmish turizm sohasi krizisdan qattiq zarar ko’rgan. Bunday muhitda Demokratlar Kongressda hukmronlikni saqlash qolishi savol ostida.

XS
SM
MD
LG