Breaking News

O'zbekiston o'tgan hafta jahon matbuotida - 2004-07-19


Washington Post gazetasi 16 iyul kuni “Toshkentga xabar” degan sarlavha ostida bosh maqola bosdi. AQSh qonun chiqaruvchilari bosimi ostida hukumatning O’zbekistonga beradigan harbiy va iqtisodiy yordamdan 18 million dollarining qirqilishi mamlakatning avtoritar Prezidenti Islom Karimovga hamda neft, gaz va xarbiy bazalar tufayli ahamiyatli bo’lib qolgan mintaqadagi boshqa rahbarlarga shuni anglatishi kerakki, Washington bilan hamkorlik qilishning eski formulasi endi foydasiz, deya bildirdi Washington Post tahririyati.

Gazetaga ko’ra, Karimov balki AQShning O’zbekistonda islohatlar qilinishi kerak degan chaqirig’iga quloq tutmas, lekin mamlakat xalqi va mintaqadagi boshqalar Amerika uchun eng muhim narsalar nima ekani haqida qayta o’ylashni boshlashar. Londondan chiqadigan Financial Times gazetasi ham 16 iyul kungi sonida AQShning diktator Islom Karimov boshchiligidagi O’zbekiston hukumatiga beradigan moliyaviy yordamining katta qismni bekor qilganini olqishlab, buni allaqachon qilish kerak edi, deya bong urdi.

Gazetaning bildirishicha, Karimov Amerikaning Markaziy Osiyodagi manfaatlari tufayli eng ko’p foyda ko’rgan siyosatchi, ammo inson huquqlarini e’zozlashdan bosh tortib kelayotgandi. Islohatlar qilinadi, deya berilgan ulkan va’dalar mintaqa cho’llaridagi sarobga aylandi.

2002 yilda AQSh O’zbekistonga 220 million dollarlik ko’mak bergan bo’lsa, o’tgan yili yordam 86 million dollarga tushgandi. Bu yil esa Amerika atigi 37 million dollar bermoqchi va bu yordamning hammasi, Karimov va uning gumashtalari doirasiga emas, balki no-hukumat tashkilotlarga ajratiladi, deyiladi Financial Times bosgan bosh maqolada.

AQShning O’zbekistonga beradigan moliyaviy yordamini qirqishi ikki davlat o’rtasidagi aloqalarga hozircha unchalik salbiy ta’sir qilmaydi; hatto inson huquqlari faollari ham O’zbekistonda islohatlar qilinishi uchun Washington Toshkent bilan yaqindan ishlashi kerak, deya ta’kidlashadi, deyiladi Hong Kongda chiqadigan Asia Times gazetasi chop etgan bir maqolada.

Muallif Jim Lobega ko’ra, O’zbekiston tomoni ham, AQSh tomoni ham O’zbekiston terrorga qarshi kurashda Amerikaning muhim hamkori bo’lib qoladi, deya qayd etmoqda. Yordamning qirqilishi, Markaziy Osiyo endi AQSh uchun uch yil avvalgidek muhim emasligini anglatadi, deydi tahlilchi Martha Olcott. Uning maqolada bildirishicha, bu hol O’zbekistonni Rossiyaga yaqinlashtirishi mumkin. Mintaqa bo’yicha mutaxassis Frederick Starr esa AQShning qarori O’zbekiston ichki ishlar vazirligi va militsiya qo’lini yanada uzun qiladi, deydi.

Britaniya gazetalaridan biri Guardianda chiqqan maqola, mamlakatning O’zbekistondagi “tili uzun” elchisi Craig Murrayning Karimov hukumatiga nisbatan tanqidini yoqlab, AQSh O’zbekistondagi inson huquqlari bilan bog’liq muammoga ko’z yumayotgan edi, deya talqin qiladi.

Muallif Nick Paton Walsh AQShning O’zbekistonga yordamini qirqqaniga ishora qilib, Murrayning bu masalaga bosh tiqqanidan beri ahvol o’zgardi, deydi.

Manbalar: The Washington Post, The Financial Times, Asia Times Online va Guardian gazetalari

XS
SM
MD
LG