Breaking News

Respublikachilar qurultoyi Nyu Yorkda kuchli xavfsizlik choralari ostida o'tdi - 2004-09-05


Nyu yorkliklar xavfsizlik choralari ostida yashashga ancha o’rganib qo’lishgan. Ayniqsa agar shaharda biror katta rasmiy marosim o’tayotgan bo’lsa yoki hukumat terror xavfi haqida yangidan ogohlantirsa.

Politsiya nazoratidagi joy muzlatilgan zona, deb ataladi. Bir ko’chadan ikkinchisiga o’tish ancha qiyinlashgan. Eng ko’p zarar hududdagi bizneslarga yetmoqda.

"Yuk tushiradigan joyga hech bir mashinani yaqinlashtirishmayapti. Hamma yoqni politsiya bosgan. Bu yerga kirib chiqish mumkin emas...," deydi mahalliy tadbirkorlardan biri.

Ko’chalar sanitariya va televidenielarning mashinalariga to’lib ketgan. Hukumat uchun eng muhim masala ikki narsa- Bush hukumatiga qarshi namoyish qilayotganlarni uzoqda saqlash va Respublikachilarning saylovoldi qurultoyi paytida terroristik hujum xavfini oldini olish.

Hozirgacha, namoyishchilar ko’p notinchlik uyg’otishmayapti. Shahar bo’ylab o’n minglab namoyishchilar yurishibdi. Politsiya Nyu Yorkning markaziy qismini qattiq nazorat qilayotgan bo’lsa-da, omma va namoyishchilar bilan yaxshi munosabatda turibdi. Ammo, har bir harakat kuzatuvda.

Xavfsizlik choralari natijasida ba’zi do’konlarda juda kam odam kelyaptu. Sayyohlarga sovg’a sotadigan bir muhojir ayol shunday deydi: "Qurultoy tugamaguncha biznesimiz jonlanmasa kerak."

Ba’zilar esa Nyu York bu Nyu York, deyishadi. Rebecca Kline qurultoy o’tayotgan bino qarshisidagi maktabda dars beradi. Talabalarga hududga kirish uchun ruxsatnoma berilgan. "Ko’chada bemalol yursangiz bo’ladi. Muammo yoq."

Qurultoy o’tayotgan bino faqat Respublikachi vakillar, tashkilotchilar va jurnalistlar uchun ochiq.

Imorat Nyu Yorkning asosiy temir yo’l vokzali, Pennsylvaniya bekati, yonida joylashgan. Madriddagi temir yo’l portlashlaridan keyin, shahar politsiyasi vokzalning ba’zi eshiklarini yopib qo’ygan. Poyezdlarning xavfsizligi kuchaytirilgan. Ularga chiqish cheklangan. Shularga qaramasdan, poyezdlar va metro jadvalga ko’ra qatnayapti.

Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rovda, Nyu York shahrining markaziy qismida yashovchilarning 18 foizi rasmiy marosimlar o’tayotgan paytda shahardan chiqib ketishayotganini aytishgan. Ko’pchilik, shahrimiz har doimgidek xavfsiz, deyishadi.

New York ko’chalarini supuruvchilardan biri ahvolni shunday tasvirlaydi: "Shahar juda xavfsiz. Har burchakda guvohnomangizni tekshirishadi. Ahvol shunday ekan, hammasi yaxshi bo’ladi. Afsuslanishdan ko’ra, ehtiyotkorlik ma’qulroq."

O’g’li bilan bozor qilishga chiqqan mana bir nyu yorklik ham atrofda politsiyachilarning ko’pligidan bezovta emas. "Bu xavfsizlikni ta’minlashning bir qismi."

(Muxbirimiz Margaret Kennedining Nyu Yorkdan yo'llagan ma'lumotiga asoslangan)

XS
SM
MD
LG