Breaking News

Nyu Yorkda Bush siyosatiga qarshi ommaviy namoyishlar bo'lib o'tdi - 2004-09-05


Xavotirlarga qaramay, Nyu York shahrida o’tgan ommaviy namoyishlar tinch tarzda, mo’ljaldagidek o’tdi. Namoyishchilarga so’z erkinligi haqida qo’shimcha yo’riqlar berildi. Ularga matbuotga gapiring, tasvirga tushishing, deya maslahat qilindi.

Nyu Yorkning Manhattan oroli ko’chalari bo’ylab o’n minglab kishilar Bush hukumatining siyosatiga va Iroqdagi urushga qarshilik bildirib, namoyish qilishdi.

30 avgust kungi namoyish besh soat davom etdi. Bu siyosiy qurultoy oldidan qilingan eng yirik namoyishlardan biri. Son’gi bor bu turdagi chiqish AQShda 1968 yilda Vietnam urushiga qarshi qilingandi.

"Men Vietnam urushiga qarshi namoyish qilganman. Hozir ham chiqdim. Xalqning tinchlik masalasida gapirishga haqqi bor," deydi Pam Parlaiano, namoyishchilardan biri.

Shimoliy Karolina shtatidan kelgan David Potorti 11 sentyabrdagi hujumlarda akasini yo’qotgan. Boshqa bir qancha namoyishchilar kabi, u ham, terroristik hujumlar siyosiy maqsadlar yo’lida qo’llanilmoqda, degan fikr bildiradi.

"Menimcha, mamlakatimizda nima bo’layotganidan norozi ekanimizni tinch tarzda to’planib, ochiq bildirish bizning burchimizdir. Har ikki partiyaga nisabatn ham shuni aytaman. Menimcha biz boshqa mamlakatlarga nisbatan munosabatimizni o’zgartirishimiz kerak. Amerika tashqi siyosati o’zgarishi kerak. Buni biz qilishimiz kerak," deydi Potorti.

John Titus rafiqasi bilan Michigan shtatidan kelgan. Qizlari Alicia 11 sentyabrda olib qochilgan samolyotlarning birida edi. Qizlarining xotirasi uchun namoyish qilishyapti. Ularga ko’ra, amerikaliklarning terrordan tortgan ga’mu-g’ussasi AQShni Iroq va Afg’onistondagi harakatlarga chorlagan sabab bo’lishi kerak emas. "Bu yerga Bush rahbariyatining siyosatiga qarshi chiqish uchun keldik. Tinchlikka yo’l berilsin. Urushga qarshimiz," deydi Titus.

Namoyishchilarning fikriga esa hamma ham qo’shilavermaydi. Yuta shtatilik James Harrison Respublikachilar qurultoyida qatnashyapti. "Nima deb yozilganini ko’rdingizmi? Ular nafrat tarqatishmoqda. Bu Amerika xalqini namoyish etish emas. Buni ko’rgan boshqa mamlakatlar nima deyishadi? Ko’ringizni bular nima qilishyapti. Asl Amerikaga dog tushirishyapti."

Tim Chadwickka ko’ra, namoyishlar ijobiy siyosiy kuch, ular muammoni hal etish yo;lida mamlakatni birlashtiradi. "Birlashish juda muhim, chunki u muzokara boshlaydi, odamlarning ko’zini ochadi. Bu ijtimoiy harakatning o’ziga xos bir ko’rinishi."

Qurultoy paytida ham Nyu Yorkda Bush siyosatiga qarshi chiqayotgan namoyishchilar arishgani yo’q. Qonunni buzdi, deb hibsga olinganlar ham bo’ldi. Lekin ular o’n minglab namoyishchilar orasidan bir tomchi. Maqsad, deydi ular, "hukumatga fikrimizni yaqqol aytish."

(Nyu Yorkdagi muxbirimiz Kris Simkins bergan ma'lumotlarga asoslangan)

XS
SM
MD
LG