Breaking News

Bushning harbiy xizmati yana muhokamada - 2004-09-15


Prezident George Bush va uning Demokrat raqibi Senator John Kerry saylovda ahamiyati katta shtatlarda ma’ruza qilishda davom etishar ekan, Bushning Vietnam urushi vaqtida Amerika ichki gvardiyasida xizmat qilganiga doir ba’zi yangi ma’lumotlar chiqa boshladi.

Vietnam urushi davrida ko’pchilik yigitlar unga bormasdan, vatanda xizmat qilishga urinishgan. Yaqinda Texasning sobiq gubernator o’rinbosari, Demokrat va Kerryning tarafdori Ben Barnes CBS televideniesining “60 daqiqa” degan ommabop ko’rsatuvida chiqib, lavozimimdan foydalanib, Bushni Vietnamdan qoldirish uchun uni boshqa yuzlab yigitlardan oldinga qo’yganman, dedi.

Bundan tashqari, yangi topilgan, ammo muallifi noma’lum hujjatlarga ko’ra, Bushga qo’mondonlik qilgan marhum leytenant Jerry Killianga Bushga alohida e’tibor qaratish uchun bosim o’tkazilgan. Ma’lumotlar, shuningdek, Bushning harbiy xizmat paytida uchish uchun noloyiq deb topilgani va uning, buyruqqa binoan zarur ko’riklardan o’tmaganini ko’rsatadi.

“Saylov kampaniyasi paytida, ayniqsa Prezidentning ommaviy so’rovlarda oldingi o’rinda ketayotgan paytda, Demokratlarning eski va asossiz ayblovlarni qayta qo’zg’ab, Prezident Bush majburiyatni bajara olmagan, deb chiqishayotganidan hayron emasman,” deydi Oq uy so’zlovchisi Dan Bartlett.

Oq Uy, Prezident Bush o’z harbiy majburiyatini sadoqatli ravishda ado etgan, ya’ni barcha burchlarini bajargan, deyishda davom etmoqda. Bush, Pennsilvaniya shtatida nutq so’zlar ekan, bu masala haqida hech narsa demadi. Pennsilvaniyada Bush va Kerry teng quvvatga ega.

Buning orniga, Bush iqtisodiyot va sog’liqni saqlash masalalariga to’htaldi. Senator Kerry ham, saylov kampaniyasida sog’liqni saqlash mavzusiga katta ur’gu berib, bu boradagi rejasini namoyish qilyapti. Lekin Tom Harkin, Demokrat senator, Bushni harbiy xizmati haqida haqiqatni aytishga chaqirmoqda:

"Bizga rostgo’y, tog’ri so’z va xalqiga ochiq gapira oladigan prezident kerak. Mabodo prezident bu haqda yolg’on gapirsa, Iroqqa qanday borganimiz haqida ham aldaydimi?"

Demokratik Partiya rahbariyati, Bushning harbiy xizmati masalasini ko’tarib chiqishda davom etamiz, deydi. Respubkilachilarning partiya qurultoyida Senator Kerryning Vietnamdagi xizmati bilan bog’liq savollarni olg’a surishgani unga nisbatan omma olqishlovini ancha pasaytirdi.

Ba’zi Respublikachilarga ko’ra, Kerry Vietnamdagi xizmatini ko’pirtirib gapirib, medallar olgan. Vietnamda u bilan yonma-yon jang qilgan fahriylarning ba’zilari Kerryning urushga qarshi gaplaridan va faoliyatidan g’azabda ekanliklarini bildirishadi.

XS
SM
MD
LG