Breaking News

Prezidentlik - Kerrining bir umrlik orzusi - 2004-10-06


Aytishlaricha, prezident bo’lish Jon Kerrining bir umrlik orzusi. Hozirda, 60 yoshida, buning imkoni borga o’xshaydi. U shunday deydi:

"AQSh prezidentligiga intilayotganimdan maqsad, Amerikani tiklash va fuqarolarga ish joylarini qaytarib berish. Qo’shma Shtatlarda faqat bitta odamni ishdan bo’shatish kerak, u ham bo’lsa Jo'rj Bush."

Amerika saylovchilari nazarida, Sovuq Urush tugagandan beri birinchi bor tashqi siyosat, ya’ni Iroqdagi urush, prezident saylovlarida muhim rol o’ynamoqda.

Kerri, Senatning tashqi aloqalar qo’mitasiga a’zo. Iroqqa qarshi urush tarafdori bo’lgan, ammo prezident Bush armiya uchun va Iroqni tiklash uchun Kongresdan qo’shimcha 87 milliard dollar so’raganida, bunga qarshi chiqqandi. Buni soliqlar evaziga pul tejayotgan boylar to’lasin, degandi u.

Kerri xalqaro masalalarga ko’p-tomonlama yondashilsin, deya ta’kidlaydi: "AQShga uning chet el bilan munosabatlarini qanday mustahkamlashni biladigan, avvalgi hurmat va obro’mizni tiklab, uni kuchliroq qilishga qodir prezident kerak."

Senator Kerri savdo-sotiq adolatli, mehnat xavfsizligi va tabiatni asrash me’yorlariga asoslangan bo’lsin, deydi.

U AQShdagi ish joylarini xorijga ko’chirishni to’xtatishga va’da bergan.

Ammo saylovchilarga nomzodning ichki siyosati ham juda muhim. Dennis Jo'nson, sobiq siyosiy maslahatchi. Jo'rj Vashington Universitetida ishlaydi. Jo'n Kerrining Senatdagi 20-yillik faoliyati uning g’oyaviy jihatdan kimligini yaqqol ko’rsatadi, deydi u:

"AQSh senatidagi eng liberal a’zolar deb uch-to’rt kishi tanlansa, ulardan biri albatta Jo'n Kerri bo’ladi."

Brookings tadqiqot markazi xodimi Stefen Hess, demokrat Jon Kerrini shunday ta’riflaydi:

"Menimcha, Kerri omilkor, pragmatik, 60-yoshli tajribali qonun chiqaruvchi. Vatanparvarligi aniq. AQSh standardlari bo’yicha, so’lchi, ammo jahon standardlari bo’yichamas."

Ichki siyosatda, Jo'n Kerri o’lim jazosiga qarshi. Abort qilish huquqini himoya qilayotgan senatorlardan.

Kerrining qonunchilik borasidagi harakatlaridan ko’pi uning 30 yil avval Vyetnamda qilgan xarbiy xizmati mahsuli, deyishadi kuzatuvchilar.

Dennis Jo'nsonga ko’ra, Kerrining Vyetnamning Mekong daryosidagi xavfli oqimga qarshi suzib, matonat va raqobat nimaligini o’rgangani uning siyosiy faoliyatiga zamin yaratdi.

"Vyetnam urushida qatnashish Kerryning shaxsiyati va faoliyatiga chuqur ta’sir qilgan."

Stefen Hess bunga qo’shiladi. Vyetnam urushi yosh askarni juda o’zgartirgan, deydi u:

"Kerry namunali askar bo’lgan- Vyetnamda qisqa, ammo qahramonona xizmat qilgan. Vatanga qaytgach, Amerikani bu urushdan qaytishga chorlagan. Urushga qarshi harakatni yetaklagan."

Urush qahramoni qonli mojarolarning ashaddiy tanqidchisiga aylandi. Namoyishlarda qatnashdi. AQSh Kongresi oldida so’zlab, nom chiqardi.

Oradan ancha yillar o’tib, Jon Kerri katta siyosatga qadam qo’ydi. Massachyusits shtati gubernatorining o’rinbosari bo’ldi. 1984 yilda AQSh senatiga saylandi.

Tarafdorlari uning siyosiy uslubini jiddiy va qat’iy deyishsa, tanqidchilari Kerrini qandaydir bo’sh va sovuq siyosatchi, deyishadi.

Birinchi xotinidan ajrashgan Kerri keyinroq respublikachi bir senatorning bevasi, Tereza Haynzga uylandi.

Hozir Senatdagi 4-muddatini o’tayotgan Jo'n Kerriga boshqa Demokratlar o’rnak sifatida qarashadi.

Bu rol senatorni juda zavqlantiradi, deydi siyosiy tahlilchi Jeremy Mayer: "Menimcha, Jo'n Kerri, agar hayotiga bir nazar tashlasangiz, hozir o’zi doimo istab kelgan mavqesiga erishgan."

Vyetnam urushidan to AQSh Kongresigacha uzoq yo’lni bosib o’tgan Jo'n Kerri endi o’zining asl maqsadi, ya’ni Amerika Qo’shma Shtatlari prezidenti bo’lish uchun kurashmoqda.

XS
SM
MD
LG