Breaking News

Prezidentlikka nomzodning rafiqasi saylovda qanday rol o'ynaydi? - 2004-10-06


Prezidentlikka nomzodlarning rafiqalari Laura Bush ham, Tereza Haynz Kerri ham, shu kunlarda juda band.

Ular AQSH bo’ylab, saylovoldi tadbirlarida qatnashib, umr yo’ldoshlarining sharafi uchun so’zlashadi.

AQShda prezidentning turmush o’rtog’i hukumatda rol o’ynashi kerak, degan qonun yo’q. Odatda prezidentning rafiqasi biror ijtimoiy masalani olg’a suradi.

Oq Uyning hozirgi bekasi Laura Bushga ko’ra, maorif va savodxonlik masalalari eng oldingi o’rinda turishi lozim. Bir paytlar o’qituvchilik va kutubxonachilik qilgan bu ayol Kongres kutubxonasida o’tadigan yillik kitob festivaliga mezbonlik qilib keladi.

2001 yilning 11 sentyabridagi voqealardan keyin u mamlakatni tinchlantirishda hissa qo’shdi. Ota-onalarga bolalar va terrorizm mavzusida maslahat bera boshladi. Bush xonim ayollar salomatligi haqida ham qayg’uradi.

Laura Bush aslida Texas ayoli. O’rtamiyona bir oilada katta bo’lgan.

Laura Welsh Bush 1946 yilda Texasning Midland qishlog’ida dunyoga kelgan. U 1960-70 yillarda o’qituvchilik va kutubxonachilik qilgan.

Jo'rj Bush bilan 1977 yilda tanishadi va o’sha yili turmush qurishadi. 1981 yilda esa egizak qizlar, Jenna va Barbara tug’ilishdi.

Jo'rj Bush 1995 yilda Texas gubernatori etib saylandi. Laura Bushning xotirjam kunlari ortda qoldi.

Bush xonim muloyim, an’anaviy va uyatchan. Prezidentning qarorlariga umuman ta’sir o’tkazmayman, deydi u. Lekin saylovchilarning, ayniqsa ayol saylovchilarning kimga ovoz berishigachi?

"U, ijtimoiy jihatdan konservativ bo’lmagan, ammo terrordan tashvishlanayotgan respublikachi ayollarga ta’sir qila oladi," deydi Allida Blek, Jo'rj Vashington Universitetining tarix va xalqaro aloqalar bo'yicha professori.

Zamonaviy prezidentlarning rafiqalari qanday rol o’ynab kelishganini o’rgangan bu olimaga ko’ra, Laura Bush, farqlar tor bu saylovdagi muhim shaxs"

"Bu saylovda farq shunchalik tor bo’ladiki, Laura Bush saylov natijasini hal etuvchi ikki omildan biri bo’lishi mumkin. Bush xonim, kimga ovoz berishni bilmayotgan, hech bir partiyaga qiziqmaydigan kishilarni, erim aslida bunchalik konservativ emas, deb ishontira olarmikan? U buni konservativlarni jig’iga tegmasdan qilishi lozim. Laura Bush saylovda shunaqa nozik ish bajarishi mumkin."

Bush xonim saylov kampaniyasi davomida Prezident Bushning siyosatini, harbiy xizmatini va uning Prezident sifatida kim ekanini himoya qilayotgan asosiy kishilardan biri.

AQSh prezidentligiga nomzod Jo'n Kerrining rafiqasi Tereza Haynz Kerri Mozambikda, portugal oilasida tug’ilgan.

Afrika va Shweytsariyada o’qigan. Besh tilda gaplashadi. Birinchi eri, marhum Senator Jo'n Haynzdan uch o’g’li bor.

Senator 1991 yilda samolyot halokati qurboni bo’ldi. Undan Terezaga ketchup kompaniyasi qolgan. Tereza hozirda 1 milliard 200 ming dollarlik Haynz jamg’armasini boshqaradi. Unga ko'ra, tashkilot tabiat muhofazasi, san’at, xotin-qizlar va bolalar manfaatlari uchun yiliga millionlab dollar ajratadi.

Tereza va Senator Jo'n Kerri 1995 yilda turmush qurishdi.

Kerri prezidentlik uchun xalq dilini ovlash bilan band ekan, Tereza uning yonidan jilmaydi.

"Men saylov kampaniyasida ishlamayapman. Nomzodning rafiqasiman, xolos. Majlislarda o’tirmayman," deydi u.

Ammo, rafiqa sifatida, saylov kampaniyasida o’z ro'li borligini biladi:

"Albatta, bunday paytda umr yo’ldoshning roli bor. Ammo, siyosatda ro'l o’ynash boshqa narsa. Men hech qachon aralashmagan bo’lardim. Agar pul to’lashsa, balki qilarman. Lekin gapimga kirishlari shart."

Kerri xonim qarashlarini yashirmaydi. Bush rahbariyatidan norozi ekanini aytib, uni tabiatni asrash sohasida, soliqlar va tashqi siyosatda tanqid qiladi.

"Men professional odamman. O’z fikrimga egaman. Fikrim bo’lmasa, bir tentak bo’lmasmidim."

Kerri xonimning ochiq gapirishi qimmatga tushadi, deyayotganlar bor. Ammo Kerri pinagini buzmaydi.

"U mening rafiqam. U shunaqa odam. Uni ochiq so’zligi uchun sevaman. Bu rostgo’ylik, go’zallik. Odamlarga rostgo’ylik yoqadi," deydi senator.

Siyosiy sharhlovchi Jeremi Mayerga ko’ra, Tereza Haynz Kerri ochiq so’zligi bilan turmush o’rtog’iga yordam bermoqda.

"U Kerrini ommaga bir oddiy inson qilib ko’rsatadi. Kerri xonim shunaqa gapdon va ochiqso’z bo’lmasa, Jo'n Kerrini juda zerikarli shaxs deb tasvirlashgan bo’lardi. Rafiqasi uni qiziqroq qiladi," deydi tahlilchi.

AQShda hech bir siyosatchining turmush o’rtog’i omma nazaridan chetda qolmaydi. Uning har bir harakati, har bir so’zi g’alvirdan o’tadi.

XS
SM
MD
LG