Senator Jo’n Kerridan AQSh oldidagi eng kuchli xavf nima deb so’ralganda, u "atom qurollarining yoyilishidir", deb javob qildi.
"Biz dunyo hamjamiyatiga, atom qurollarining yoyilishiga keskin qarshi ekanimizni ko’rsatamiz," dedi prezidentlikka nomzod.
Bush rahbariyati esa, biz allaqachon ko’rsatyapmiz, deydi. Eronga atom dasturidan voz kechishi uchun bosim berilmoqda.
AQSh hukumati, Shimoliy Koreaning yadroviy rejalariga qarshi ko’p-tomonlama muzokara boshlagan.
Qolaversa, AQSh hukumati, Liviyaning atom dasturidan voz kechishida va Pokiston atom dasturining otasi Abdul Xon yetakchiligidagi xalqaro atom qora bozorining fosh etilishida bizning hissamiz bor, deya g’ururlanadi.
"Raqibimning eng yirik xavf, ommaviy qirg’in qurollarining terroristlar qo’liga tushushidir, degan fikriga qo’shilaman," deydi Prezident Bush. "Shuning uchun ham atom qurollarining yoyilishi masalasi bizning ko’p-qirrali strategiyamizning asoslaridan biridir."
Charlz Pena- Vashingtondagi CATO tadqiqot institutining mudofaa siyosati bo’yicha izlanishlariga rahbarlik qiladi. Yadroviy qurollarning yoyilishi haqiqatda katta xavf tug’diradi, deydi u:
"Albatta, yadroviy qurollarning yoyilishi katta tashvishdir. Biz ularning terroristlar qo’liga tushib qolishidan qo’rqamiz. Tabiiyki, atom quroliga ega bo’lish uchun intilayotgan Shimoliy Koreaga, atom quroli yaratish arafasida turgandek ko’rinayotgan Eron kabi mamlakatlarga e’tibor qaratasiz."
Jon Bolton, AQSh Davlat ko’tibining qurollar nazorati va xalqaro xavfsizlik bo’yicha o’rinbosari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini Eronning atom dasturiga qarshi chora ko’rishga undab kelmoqda. Uningcha, Shimoliy Koreaning yadroviy maqsadlariga jiddiy e’tibor berilmoqda.
"Biz Xitoy, Yaponiya, ikki Korea va Rossiya hamkorligidagi olti-tomonli muzokara orqali bu muammoga tinch va diplomatik yechim topishga urunib kelyapmiz," deya ta'kidlaydi Bolton.
"Albatta, biz Shimoliy Koreaning atom qurollari yasab, Osiyo xavfsizligiga rahna solishini istamaymiz. Lekin, bu hammasi emas. Shimoliy Korea yadroviy materiallarni xalqaro miqyosda yoymoqda. Ommaviy qirg’in qurollarini Yaqin Sharqdagi davlatlarga va boshqa mamlakatlarga sotmoqda. Bu global xavfdir," qo'shadi u.
Henry Sokolski- yadroviy qurollarni yoyilishiga qarshi siyosiy ta’lim markazi direktori. Uning nazarida, atom qurollarining yanada tarqalishiga qarshi o’ta kuchli harakat zarur.
"Umuman olganda, bu qurollarni va ular bilan bog’liq texnikani yoyilishdan saqlasangiz, kutilmagan xavf darajasini ancha kamaytirgan bo’lamiz. Agar ular tarqalaversa, to’g’risini aytsam, hammamiz uchun katta, juda katta muammo bo’ladi," deydi Sokolski.
Viktoriya Samson, mudofaa axboroti bo’yicha Vashingtondagi markaz vakiliga ko’ra, yadroviy qismlarning yoyilishi xavfi ham ko’pchilikni tashvishga soladi. Jumladan, Rossiya va sobiq Sovet mamlakatlaridagi, nazorat ostiga olinmagan yadroviy materiallar.
"Nazorat ostiga olinmagan, deb men qulfsiz, qo’riqsiz, ya’ni AQShdagi yadroviy inshoatlarning ko’rinishidan tubdan farq qiluvchi hollar haqida gapiryapman. Ularning qurolli qo’riqchilari yo’q. Shu sabab, sobiq SSSRdagi yadroviy materiallar terroristlar qo’liga tushishi mumkin, degan xavotirdamiz," deya bildiradi Samson.
Senator Jon Kerri, Prezident Bushni sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi yadroviy materiallarni yetarlicha nazorat ostiga olmaganlikda ayblaydi.
Uningcha, Bush rahbariyati o’tgan ikki yil ichida juda kam miqdorda yadroviy materiallar yig’di. Lekin, deydi tadqiqotchi Genri Sokolski, AQSh Rossiyaning bu materillarni qo’riqlab, ularni bartaraf qilishini istashi mumkin, ammo, bu albatta yuz beradi, degani emas.
"Sobiq SSSRdan qolgan yadroviy materiallarni nazorat ostiga olish faqat Amerikaning muammosi, Amerikaning harajati va dasturlari emas, balki Rossiya hukumatining hamkorlikka kirishi masalasi hamdir," deydi tahlilchi.
Senator Kerri, Prezident Bushning bunkerlarga zarba beruvchi atom qurollarini yaratishda davom etish qarori xato siyosatdir, deydi.
"Biz boshqalarga siz atom quroliga ega bo’lolmaysiz, deyapmizku, lekin o’zimiz buni qilyapmiz. Balki, ularni qo’llashni ham o’ylarmiz. Ammo, prezident bo’lsam, men bu dasturni yopaman," deya ta'kidlaydi Kerri.
Sokolski va boshqalar, Bush rahbariyatining atom qurollarini yoyilishiga qarshi siyosati ish bermoqda, deyishadi.
Lekin, Jon Kerri kabi tanqidchilarga ko’ra, kech bo’lmasdan, ya’ni bu qurollarning noma’qul qo’llarga tushib qolmasidan oldin, keskin choralar ko’rish zarur.