Breaking News

Kompyuter sanoati ishchilari zaharli moddalardan saqlanishni talab qilishmoqda - 2004-10-19


Ron Murray Nyu Yorkdagi Ay-Bi-Em (IBM) kompyuter zavodida 1964 yildan beri ishlab keldi.

“Bu 310-bino, shu yerda besh yil, 1964-1969 yilarda ishlaganman,” deydi u, kompaniyaning eski bir imoratiga ishora qilib.

Zavod ishlash uchun juda yaxshi joy edi - oylik yuqori, bundan tashqari ijtimoiy yordam; xullas, ishchilariga juda g’amho’r korxona edi.

Ammo, Murrayga ko’ra, kompaniya ishchilarning xavfsizligi uchun jon kuydirmadi. Ularni zaharli kimyoviy moddalar ta'siridan himoya qilmadi.

"Bizni kimyoviy zarardan himoya qilish uchun barmoqlarimizga kiyadigan rezinka narsa berishgandi, xolos, hatto qo’lqop ham berilmagandi. Shu bois, qo’ldagi yoriqlar ta'sirga ochiq edi," deya hikoya qiladi Ron.

"Qo’lingizni kimyoviy aralashmalarga botirar edingizmi?" deb so'ralganda, "Albatta, ba’zida majbur edim,"deb javob qiladi.

U ishlagan bino, kimyoviy moddalarning ta’siri juda kuchaygan paytda, bo’shatilardi. Ishchilar esa, vaziyatdan tashvishlansakmikan yoki yo’q, deya o’ylanishardi.

"Biz, bug’ga to’lgan joylarga e’tibor qaratishga urindik. Biz odamlarning qo’llariga himoya kerakligini aytishga urindik. Ular esa bizga, kimyoviy moddalardan zarar yo’q, xavfsizlik choralar ko’rilgan, deb javob qilishardi. Ishdagi xavfsizlik va salomatlik masalasi bilan shug’ullanuvchi federal muassasa bunga qarayapti, tekshiryapti, u qilyapti, bu qilyapti, deyishardi," deydi suhbatdoshimiz.

Ay-Bi-Em intervyu berishni istamadi, ammo uning so’zlovchisiga ko’ra, kompaniya ishchilarini oliy darajadagi tamoyillarga binoan himoya qilib kelgan.

Ay-Bi-Emga ushlashni boshlaganidan bir yilcha o’tgach, Ronning farzandli bo’ldi. Qizi Edvina, gidrotcefaliya, ya’ni miyaga suyuqlik to’planishi kasalligi hamda siniq suyaklar bilan dunyoga keldi.

“Unga qo’l tekkiza olmasdingiz. O’ta yumshoq maxsus qo’lqop kiyishingiz kerak edi. Go’dakni yostiq ustiga qo’yib ko’tarib yurardik. Pilyonka ishlata olmasdingiz. Chunki, bu maan etilgandi, bola qimirlasa, oyog’ini sindirishi mumkin edi," deydi Ron.

Edvina bir yarim yoshga to’lmasdan o’ldi. Ronning rafiqasi ikkinchi homilasidan ayrildi. Uchinchi bola esa, bir o’pkasi o’rniga bez bilan tug’ildi va 4-5 kunligida olamdan o’tdi.

Ronning aytishicha, uning oilasida ham, rafiqasining oilasidan ham tug’ma kasalliklar yo’q. 1968 yilda, vanihoyat sog’lom o’g’illi bo’lishdi. Unga Ron deb ot qo’yishdi.

Oradan, uch yil o’tib, 1971 yilda, qizlari Katlin tug’ildi. U go’daklik paytidayoq, juda xavfli, qon ketish xastaligiga mubtalo bo’ldi.

"Uning tanasidagi kichkina qil tomirlar endi ochilayatgan edi, chunki undagi trombotsit miqdori juda kam edi. Shu sabab, bolaga maxsus bosh kiyim yasattirdik. U Amerika furbolchilar kabi shuni kiyib yurdi," deydi ota.

Katlin 8-9 yoshga yetguncha uning qon tarkibi ancha normallashdi. Ammo, tashvishli ahvol Ronning turmushini buzdi; rafiqasidan ajraldi.

Bolalarining sog’ligi uzoq payt ancha yaxshidek tuyuldi. Bundan 10 yilcha avval esa o’gli Rondan rakning ikki turi topildi, jumladan urug’don raki. Katlinning qattiq og’riqdan azoblana boshladi. Oila qurganiga 12 yildan keyin ham homilador bo’la olamyotgan edi. Shifokorlar, uning bachadoni va tuxumdoni noto’g’ri joylashgan, deyishdi.

O’sha og'ir kunlarning birida, Ron televizorda Ay-Bi-Em ishchilari haqidagi bir ko’rsatuvni ko’rib qoldi.

"Ko’rsatuvni ko’rarkanman, ishchilar turli kasalliklar haqida gapirishardi, xuddi marhum qizlarim Edvina va Barbaraning xastaliklaridek. Ular ham og’riqlar, organlarning noto’g’ri joyda ekani haqida shikoyat qilishayotgandi. Qizimda ham shunday edi. Ko’rsatuv hayotimni o’zgartirdi," deydi Ron.

Ron Murray, o’zi ham teri va boshqa rak turlaridan azob chekarkan, boshqa ikki yuz nafar ishchi safida Ay-Bi-Emni sudga berdi. Kompaniyani ishchilarni kimyoviy moddalardan himoya qilmasdan, ularni va bolalarini kasallaganlikda ayblashdi.

Ay-Bi-Em bir da’voni yutib, qolgan 50 tachasini tinchitgan. Bu sud ishlarining qay shartlar asosida yakun topgani mahfiy saqlanadi.

Ay-Bi-Em ish joyida xavfsizlik bilan ta’minlamaganlik aybini rad qiladi. Ammo, deydi olim Jon Baylar, ishxona muhiti juda tashvishlanarli.

“O’nlab, ba’zida yuzlab turli kimyoviy moddalar ostida ishlashadi. Aralashmalarning ko’pi zaharli ekani ma’lum. Ular rakka, tug’ma nogironlikning turli hollariga olib keladi," deydi u.

Baylarga ko’ra, Ay-Bi-Em va boshqa bir necha kompaniyalar, kuchli zarari 70-yillarda aniqlangan glikol efirni hali ham ishlatishardi.

"Fikrimcha, bu, moddaning qanday ishlatilgani va ularning ta’siriga bog’liq," deya bildiradi Jorj Skaliz. U AQSh elektronika sanoati yushmasi prezidenti. Uning aytishicha, sanoat ishchilar sog’lig’i bo’yicha ilk katta izlanishga homiylik qildi. 90- yillarda glikol efirini olib tashladi.

"Masala ko’tarilishi bilan, izlanishni yo’lga qo’ydik va ilmiy xulosa qilingach, ularni yo’qotish dasturini ishlab chiqdik va yo’qotdik," deydi u.

Masala - xalqaro muammo. Xitoydan tortib, Hindiston elektronika sanoatigacha... Ishchilar AQShdagi kabi himoyaga ega emas, deya ekspertlar keskin tanqid qilishadi.

"U mamlakatlardagi ishlab chiqaruvchilar bu yerdan eski uskunalarni, eski usullarni import qilishadi. Ularni tajribasi kam, o’zini qanday himoya qilishni uncha bilmaydigan ishchilar qo’liga topshirishadi. Bizdagi muammo u yerda undan-da kattalashadi," deydi tadqiqotchi Baylar.

Ron Murrayning oilasi nima sababdan bir umrlik azob quchog’ida qolgani nech qachon aniqlanmasligi mumkin.

Ammo, sud eshigida javob kutayotgan bu inson, "hamma balo aslida 27 yillik ishxonamdan kelganini tushungan kunimni unuta olmayman," deydi.

XS
SM
MD
LG