Breaking News

AQSh yonilg'i jihatdan neftga boy notinch davlatlarga tobe bo'lishda davom etmoqda - 2004-11-17


Oxirgi paytda jahon bozorida yonilg’i narxi ko’tarilganining eng asosiy sabablaridan biri tezlikda rivojlanayotgan ikki yirik mamlakat- Hindiston va Xitoyda neftga nisbatan talabning tobora oshib borayotganidir.

Ayni paytda, talab AQShda ham kuchayib bormoqda. Yonilg’i sanoati esa ehtiyojni qondirmayapti.

Neft ishlab chiqaruvchi mintaqalardagi siyosiy beqarorlik, hamda Iroqdagi urush, mahsulotning doimiy ta’minotini izdan chiqarib, turli xavotirlarga sabab bo’lyapti.

Buning ustiga, neft va gaz sanoati kuzatuvchilarining fikricha, neft mahsuloti ushlab chiqarilishi yaqin orada tang ahvolga tushishi mumkin.

AQSh yonilg’i sanoatida 30 yildan beri ishlab kelayotgan sarmoyachi Mat Simmons ham shu fikrda:

"... Yonilg’i zahirasi tobora kamayib bormoqda. Talab esa, kun sayin oshyapti. Yaqin orada ahvolning qiyinlashishi turgan gap."

So’ngi yillarda, shamol, quyosh, va biomassa vositasidagi elektr manbalariga yo’l ochildi. Ammo, deydi Simmons, hozirgacha hech narsa neftning o’rnini bosolmayapti.

"Bizda muqobil reja yo’q. Muammoga yechim topish deyarli mumkin emas. Chunki, dunyo bo’ylab, o’rnini to’ldirib bo’lmaydigan yonilg’iga nisbatan talab kun sayin oshib boryapti. Nima qilish kerak? Gap shundaki, nima chora ko’rishni bilmaymiz," deydi tadbirkor.

Shunday bo'lsa-da, aksariyat kishilar, neft ishlab chiqarish boshi berk ko’chaga kiryapti, degan fikrga qoshilishmaydi. Ularning nazarida, bunday salbiy qarash jamiyatni vahimaga solmoqda.

"Bu odamlar, menimcha, xalqni qo’rqitishyapti. Ular bir necha yil avval, Rossiyada neft inqirozi yuz beradi, deyishgandi. Endilikka kelib bildikki, neft resurslari u yerda biz bilgandan ham ko’p ekan," deydi tadqiqotchi Emi Jaff.

Ammo, boshqa ba’zi olimlar nazaridaga, neft sanoati haqiqatda jar yoqasiga yaqinlashmoqda. Nobel mukofoti sovrindori, kimyogar, Richard Smo’li shuday deydi:

"Men neft ishlab chiqarish jahon bo’ylab inqirozga yuz tutishi mumkinligiga ishonaman. Agar bunday bo’lmasa, demak omadimiz bor ekan, deymiz."

Neft narxining yuqori bahoda turishi juda zarur, deydi olim: "Asl muammo, neftning qimmatlashgani emas, buning aksi… narx arzon bo’lsa, sanoatning yangi texnikalar ishlatishga qurbi yetmaydi. Shu bois, narxning pasayishini ijobiy hol deyolmaymiz. Narx yuqori bo’lsa, texnik izlanishlarga yo’l ochiladi."

Neft mahsuloti miqdori yaqin kelajakda oshadimi yo’qmi, ko'pchilik neft, gaz va ko’mirga tobelik atrof-muhitni, havoni buzyapti, deya tashvishlanishadi.

AQSh esa, yonil’gi jihatdan, bu tabiiy boyliklarga ega notinch davlatlarga qaram bo’lib qolgan, deyishadi kuzatuvchilar.

Emi Jaf, kelajakda neft ishlab chiqarilishining oshishiga ishonadi. Ammo, uning fikricha, davlatlar muqobil energiya manbalaridan foydalanishlari lozim. Bu borada o’rnak olsa arziydigan davlatlar bor, deydi u:

"Yaponiya iqtisodiyoti hajmi jihatdan dunyoda ikkinchi o’rinda, ammo uning neftga talabi oshmayapti. Yevropa iqtisodiyoti AQShnikiga qaraganda kichikroq, ammo, bir paytning o’zida u juda katta. Uning neftga nisbatan talabi kamaygan. Xo’sh, nima uchun? Chunki, ular iqtisodiy o’sishni yonilg’i iste’moliga bog’lashmaydi. Yevropa mamlakatlarida yonil’g’i solig’i juda baland, bu degani odamlar uni tejab ishlatishadi. Ular tejamkor avtomobillar haydashadi. Jamoat transportida yurishadi."

Richard Smo’li yuqoridagi fikrni ma’qullaydi. Lekin, eng asosiysi, deydi u, dunyo rahbarlari neft zahiralari tugab qolmasdan avval, muqobil yonilg’i manbai topishlari zarur:

"Biz bu muammoni hal qilmasak bo’lmaydi. Amerika yoshlari, qolaversa butun jahon yoshlari shu maqsad yo’lida birlashishi kerak. Keling, birgalikda biror chora topaylik. Hayotimiz uchun zarur yonilg’i manbaiga ega bo’laylik. Dunyo bo’ylab, bolalar yaxshi, to’q hayot kechirishsin; yonilg’i ishlatish ularni azobga qo’ymasin. Ular har bir ezgu istaklarini sayyoramizning tabiiy barqarorligini saqlagan holda amalga oshirishsin."

XS
SM
MD
LG