Breaking News

"Marta Dasturxoni" Vashington ko'chalaridagi ochlarni boqadi. - 2004-11-23


AQSh poytaxtida boylar ko’p, ammo uning ko’chalarida qashshoqlik va ochlikdan azob chekuvchilar ham kam emas.

"Marta Dasturxoni" deb ataluvchi hayriya maskani Vashingtonning ochlarini boqadi.

Shu shaharda katta bo'lgan Koral Wilson bu yerga 13 yildan beri kelarkan. Olti farzandning otasiman, deydi u: "Biz ochmiz, ovqat kerak."

Boshpanasiz Grigoriy va Muhammad ham bu yerning nonidan xursand. "Men doimiy mehmonman," deydi Grigoriy.

"Marta Dasturxoni" 1980 yilda aslida muhtoj bolalar uchun ochilgandi. Endilikda u kattalar bilan to'la. Hech kim ulardan nega kelding, deb so’ramaydi.

"Bayramlarda dasturxonimiz rang-barang," deydi maskan prezidenti Veronika Park. "An’anaviy bayramimiz, Shukrona kunida dasturxonimizni kurka, turli sabzavotlar, souslar, salatlar, shirinliklar kabi ne'matlar boyitadi."

Bayram kunlari "Marta Dasturxoni" dan minglab kishilar bahramand bo’lishadi.

Odamlar ulushlarini uylariga ham olib ketishlari mumkin. Bundan tashqari, bu yerga kelolmaydigan kasalmandlarning uyiga ovqat yetkazib beriladi.

To'rt mingdan ziyod ko’ngilli xizmatchilarning mehnati tufayli, Marta dasturxoni yil bo’yi ochiq. Bayramlarda dasturxon yozish bilan 200 nafarga yaqin kishi shug'ullanadi. Gap tadbirni tashkil eta olishda, deydi maskan prezidenti:

"Biz 200 tadan ortiq kurka pishiramiz. Kimdir bir dona kurka olib keladi, boshqasi uni pishiradi, yana boshqasi esa 'vaqtim yo’q, lekin moliyaviy yordam berishim mumkin,' deydi. Biz esa, eng asosiysi, barcha madaddan foydalanib, ishni uyushtiramiz."

Ba’zi ko’ngillilar o’nlab yillardan beri xizmat qilishadi. Bir paytlar Vashingtonda yashagan David va uning oilasi endilikda ochlarga g’amh’orlik qilish uchun qo’shni shtatdan qatnaydi.

"Men,rafiqam, qizim va uch nevaram," deya tanishtiradi u. Ochlarni to’ydirish bilan ovora bo'lib yurib, "umr yo'ldoshimni ham shu yerda uchratganman," deydi qizi April.

Xullas, o’ziga to’q kishilar yilida bir kun vaqt ajratib, atrofdagi qorni och yurganlar holidan xabar olishadi.

"Non topish uchun ter to’kamiz, ammo jamiyatda qiynalayotganlarga e’tibor berishni ham unutmaslik kerak. Dasturxonimizni ochiq saqlashimiz sababi, ana shunda," deydi "Marta Dasturxoni" rahbari.

XS
SM
MD
LG