Breaking News

AQSh sportidagi zo'ravonliklarga kim aybdor: Oyinchi yoki ishqiboz? - 2004-11-29


Amerika basketboli og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Shu yilning 19 noyabr kuni Detroitda, Indiana Pacers va Detroit Piston o’yinchilari orasida chiqqan to’polonga tomoshabin ham aralashdi va natijada har ikki tomonga zarar yetdi.

Mamlakatni larzaga solgan voqeada to’qqiz tomoshabin jarohatlandi. NBA, ya'ni AQSh Basketbo'l Uyushmasining nomiga do'g tushganini tan olarkan, Indiana Pacersning treneri Rik Karlisl shunday deydi:

"Yigirma yildan beri shu sohada ishlayman. Bunaqasini hech ko’rmaganman."

Basketbo’l Uyushmasi bir o’yinchini 30, boshqasini 25, janjalda asosiy rol o’ynagan Artestni 70 o’yindan chetlashtirdi.

"Indiana Pacers komandasi o’yinchisi Ron Artest bu mavsumdan butunlay chetlashtirildi," dedi uyushma raisi Devid Stern.

Bu, iste’dodli Artest bilan bog’liq ilk mashmasha emas. Shu mavsumning boshida u o’zining yangi rep musiqa albomini targ’ib qilish uchun ozgina ta’til vaqti so’ragandi. Endi esa o’yinchi sudga tortilishi mumkin.

"Ron Artest hamisha biror bir salbiy voqeaga sababchi sifatida ko’rinyapti," deydi sport psixologiyasi bo'yicha mutaxassis Po’l Staynberg. U sportchilar ruhiyati yuzasidan 25 yildan beri izlanadi.

"Ron Artestdek bir odam oldinga chiqib, mening aybim bor, men faqat rep musiqasi sotadigan kishi emasman, deya o’larmikan? Kelayotgan bir yil ichida men bu masalani yaqindan tekshirmoqchiman," deydi Staynberg.

Basketbo’lchi Mauris Teylorning fikricha, ayb o’yinchida emas, balki tomoshabinning maydonga juda yaqinligida. "Basketbo’l, balki, tomoshabin o’yinchiga qo’l tekkiza oladigan masofada o’tirishi mumkin bo’lgan yagona sportdir."

AQSh sporti sharhlovchisi Josh Elliot, "bu hol o’zgarmasa, basketbo’l ishqibozlari va o’yinchilar orasida muammo chiqaveradi," deydi:

"Biz Amerikada sport ishqibozlarini juda erkalatib yuborganmiz… Yevropa, Janubiy Amerika yoki Osiyoga qarasangiz, tomoshabin o’yinlarni maydondan ancha uzoqda, to’siqlar orqasida, xavfsizlik kuchlari nazorati ostida ko’rib o’tiradi."

Chunki, sport olamida ishqiboz va o’yinchi o’rasida kechgan eng dahshatli voqealar shu paytgacha Amerikadan tashqarida ro’y berib kelgandi.

Erik Kantona, frantsuz o’yinchisi, 1995 yilda, "menga irqiy kamsituvchi so’z aytdi," deya bir tomoshabinni do’pposlagan. Monika Seles esa esini yo’qotgan ishqibozni pichoqlab qo’ygan. Futbo’l o’yinlarida chiqqan to’polonlarda ko’plab kishilar o’lgan.

AQSh Basketbo’l Uyushmasi raisi Devid Stern, "o’yinchi va tomoshabin uchun yangi qoidalar chiqaramiz," deya va'da bermoqda: "O’yin maydoni va uning atrofini ishqibozlar xavfidan saqlash kerak."

"Men bundan ranjigan bo’lardim. Xavfsizlik zarurligini tushunaman, ammo to’siq orqasida o’tirishni istamayman," deydi basketbo'l ishqibozlaridan biri.

Ruhshunos Staynberg, sportda zo’ravonlikdan qutulib bo’lmaydi, degan fikrni olg'a suradi.

"Odamlar yoqtirgan komandalarini olqishlab, millatchilikka berilishadi, ammo, ularning o’yin paytida eslarini yo’qotishiga sportli ichimliklar sababchi," deydi u.

AQShda sport o’yinlarini ko’rishga kelgan kishilar, o’yin paytida, spirtli ichimliklar ichishlari mumkin. Maydon atrofidagi do'konlarda yengil ovqatlar qatori spirtli ichimliklar, jumladan, pivo sotiladi. (Eslatma: Amerikada 21 yoshga kirmagan kishining spirtli ichimlik ichishi, xarid qilishi va unga spirtli ichimlik sotish maan etilgan.)

Hozirga kelib, sport o'yinlari paytida spirtli ichimliklar ichish erkinligini bekor qilish kerak, deya talab qilayotganlar ko’pchilikni tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG