Amerikada, odatda o’qishga qabul qilinishdan avval, abiturientga ta’lim harajatlari haqida ma’lumot beriladi.
Yoshlar, ko’p hollarda, bir paytning o’zida bir necha oliygohlarga hujjat topshirishadi. Demak, harajat ham katta.
Chunki, hujjatni tekinga topshirmaysiz. Vashingtondagi Jo’rjtaun Universiteti talabasi, hindistonlik Shantanu Sud shunday deydi:
"Men oltitacha oliygohga hujjat topshirdim, har birini topshirish uchun 70-80 dollar to’ladim."
Hujjat topshirish haqi har yerda har xil. Ta’lim uchun yiliga o’rtacha 20-30 ming dollar talab qilinadi. Yashash uchun esa yana 10 ming dollar kerak bo’ladi.
Amerika oliygohlari chet ellik talabalarni qadrlaydi, ammo ularga moliyaviy yordam berish masalasida emas.
"Ularga moliyaviy yordam cheklangan. Asosan, magistrantlarga beriladi," deydi AQSh Akademiklari Jurnali prezidenti Sheril Darrup-Boychuk.
Jurnalning Internetdagi sahifasi AQShda o’qishga kirish, Amerika ta’lim tizimi va viza olish kabi masalalar haqida ma'lumot tarqatadi.
Boychuk xonimning aytishicha, grantlar talabaning barcha harajatlarini qoplamaydi. Moliyaviy yordam olishga erishgan chet elliklar, grant uchun harakatni iloji boricha erta boshlashni tavsiya qilishadi.
Singapurlik Karen Vong ana shu talabalardan biri. U hozirda Jons Hopkins Universitetida o’qiydi.
“Men ta’lim olayotgan universitet, o’qishim uchun ma’lum miqdorda mablag ajratdi. Ammo bu, ta’lim harajatining bir qismini qoplamaydi. Shu bois, men o’zimga Singapurdan homiy izladim. Ilmiy jamg’armalarga murojaat qildim. Bundan tashqari, yana bankdan qarz oldim. "
"O’qishga mablag’ topish, bankdan qarz olish, qanday qarz olish ma’qulligini aniqlash, universitetdan moliyaviy yordam olishga urinib ko’rish uchun kamida olti oy vaqt ketadi. Ancha pul, ancha vaqt kerak," deydi hindistonlik Shantanu Sud.
Karen Vong, elchixonadagi intervyularni eslaydi: "Ba’zida hali biror universitetga hujjat topshirmasdan turib, moliyaviy yordam uchun murojaat qilishga to’g’ri keladi. Bularning muddati bir-biriga to’g’ri kelmaydi. Elchixonaga viza so’rab borganingizda, suhbatda 'qaysi universitetga kiryapsan,' deb so’rashadi, siz esa hali qaysi oliygohga kira olishingizni bilmaysiz. 'Bilmadim,' deyishga majbursiz. Bunday javob sizni maqsadini aniq bilmaydigan odamdek ko’rsatishi mumkin, lekin nachora."