Breaking News

Jahon bozori: yangi yilda gazlama va kiyim-kechak arzonlashadimi? - 2004-12-06


2005 yildan boshlab, jahon to’qimachilik va kiyim-kechak sanoatini nazorat etish maqsadida bundan 50 yil avval qabul qilingan qonunlar bekor qilinadi, degan xabarlar bor.

Soha egalarining aytishlaricha, AQSh fabrikalarining ko’pi hozirgacha yopilib bo’lgan.

Vashingtondagi Xalqaro Iqtisodiyot Instituti vakili Gari Hafbauer, mavjud qvota va qoidalarning olib tashlanishi ota ahamiyatli o’zgarish bo’ladi, deydi:

"Bu, sanoat uchun juda katta zarba bo’ladi. Menimcha, bu, savdo sohasida, 2005, balki 2006 yilda yuz beradigan eng muhim yangilikdir. Bu jahon to’qimachilik sanoatining qulashimi? Yo’q. Lekin, ko’p mamlalatlarga ta’sir qiladi."

Jahon Savdo Tashkiloti, to’qimachilik va kiyim-kechak sanoatiga oid qoidalarni bekor qilish haqida bundan qariyb o’n yil avval qaror qilgandi.

Qonunning bekor qilinishi uchun kurashgan qashshoq mamlakatlar bugunga kelib, ancha o’ylanib qolishgan. Chunki, deydi janob Hafbauer, ular Xitoyning keyingi o’n yil ichida Jahon Savdo Tashkilotining a’zosiga aylanib, eng yirik eksportchi davlat bo’lishini kutishmagandi.

O’zgarishdan, ayniqsa, Indoneziya, Misr va Shri Lanka kabi rivojlanayotgan mamlakatlar zarar ko’rishi tayin, deyishadi mutaxasslar. Ularning Yevropa davlatlari yoki Yaponiya bilan erkin savdo qilish shartnomalari yo’q.

Gari Hafbauerning tahlil qilishicha, yirik kompaniyalar kam daromad keltirayotgan kichik bo’limlarini berkitishga shoshayotganlari yo’q:

"Chunki, kvotalar va qoidalar hali ham kuchda. Ayni damda, o’zgarishni kechiktirish olish uchun qonuniy harakatlar boshlangan. Xitoy va Hindiston jahon to’qimachilik va kiyim-kechak sanoatidagi eng yirik raqobatdoshlardir."

Uning fikricha, Yevropa davlatlari va AQSh, importni cheklovchi qisqa muddatli qonunlar joriy etishi mumkin.

Jahon to’qimachilik va kiyim-kechak sanoati bevosita va turli tashkilotlar orqali kamida 30 million kishini ish bilan ta’minlaydi.

Xitoy, bu sohada, dunyoda eng arzon mahsulot ishlab chiqaruvchi davlatdir. Kutilayotgan o’zgarishlar natijasida ipak va kiyim-kechaklar narxi ancha pasayishi mumkin.

XS
SM
MD
LG