Breaking News

<i>AcceleGlove </i> - ishorani yozuvga aylantiruvchi qo'lqop.  - 2005-01-15


Vashingtonda joylashgan Nogironlik bo’yicha Tadqiqotlar va Amaliyotlar Institutida AccelleGlove degan elektronik qo'lqop yaratildi.

Izlanishlar yordamida nogironlar hayotini yengillashtirishni maqsad qilgan bu ilmiy dargoh hodimi Xose Hernandez-Reboller tomonidan kashf etilgan bu asbob surdo tilini yozuvga o'giradi.

- Qo'lqop har bir barmoqning harakatini, qo'lning yo'nalishini, shakllarni va ularning qay tomon nimani ko'rsatayotganini tushunadi,-deya izoh beradi olim. "U belgilarni ingliz alfavitidagi 26 xarf yordamida yozuvga tushiradi."

AcceleGloveni mukammallashtirish ishlari hali ham davom etmoqda. Qo'lqopni kiyib, turli ishoralar orqali soqov va kar insonlar bian gaplashar ekansiz, muloqotingiz kompyuter monitorida o'z aksini topadi.

- Barmoqdagi sezgir asbob kishining kaftiga qo'yiladi. Mana bu quti esa signallarni o'qiydi,- deya tushuntirishda davom etadi Xose Hernandez-Reboller. "Ma'lumot kompyuterga uzatiladi. Asboblardan biri bilakning harakatini sezsa, boshqa biri qo'lning yuqori qismidagi harakatlarni va yana boshqa biri uning ko'tarilishi va aylanishini his etadi. Bu qismlarning barchasi, birgalikda, qo'lning nima deyayotganini aniqlab beradi."

Olim, kompyuterni Amerika surdo tilini inglizcha, ispancha, qolaversa istalgan tilga tarjima qilish uchun moslashtirish mumkin, deydi.

Hernandez-Reboller aslida meksikalik. AQShga Fulbright dasturi orqali kelgan. Yaqinda, elektronik muhandislik sohasi bo'yicha, Jorj Vashington Universitetidan doktorlik unvonini oldi.

- Kashfiyotim yordamida eshitish, gapirish qobiliyatidan mahrum kishilarga yordam berishni istayman,- deydi u.

"Maqsad bu asbobdan amaliyotda, hayotda foydalan olish. Faqat mashq qilish uchun yoki Amerika surdo tilini o'rganish uchun emas, balki gapira olmaydigan yoki gapirishga qiynaladigan kishining boshqalar bilan osonroq aloqa qilishi uchun zamin yaratish. Asbobni soddalashtirish lozim. Yaxshi eshitmaydigan odamlarning hayoti osonlashsin. Ular biror narsa so'rashayotgan bo'lsa, salomlashayotgan, xarid qilayotgan yoki yo'l so'rayotgan bo’lsa, ularni tushunaylik. Bir paytning o'zida surdo tilini ham qadrlash kerak."

Olimga ko'ra, endi qo'lqopning ikkinchi poyini yasash lozim. - AcceleGlove juda qimmat mahsulot. Uni hozirgi narxida bozorga chiqarib bo'lmaydi," - deydi ixtirochi. "Ammo, buning imkoni bor. Raqamli texnologiya asosidagi asboblarga talab katta ekan, bu qo'lqop ham o'z egasini topadi."

XS
SM
MD
LG