Breaking News

Bush: AQSh hech bir mamlakatni o'z siyosiy tizimini qabul qilishga majbur qilmoqchi emas. - 2005-02-03


Kongres oldida qilgan bu yilgi murojaatida, Prezident Bush Iroqdagi siyosiy ahvol haqida gapirib, AQSh qo'shinlarining bu mamlakatdagi asosiy ishi Iroq armiyasini mustahkamlashdan iborat bo'ladi, dedi:

"Bizning Iroqdagi maqsadimiz, xalqi tomonidan saylangan, demokratik hukumatni vujudga keltirish, toki bu davlat o'z qo'shnilari bilan axil yashab, o'zini himoya qila olsin. Iroqdagi qo'shinlarimiz ana shu maqsadga erishilgach, vatanga qahramonona qaytishadi."

Prezident erkinlik tushunchasi va uning bahosi haqida uzoq to'htaldi: "Erkinlik urug'ini sochmas ekanmiz, dunyo alam va nafrat domida qolaveradi; bunday muhit terroristlarni yetishtiradi,"- dedi Bush.

"AQSh hech bir mamlakatni o'z siyosiy tizimini qabul qilishga majburlamoqchi emas. Biz buni istamaymiz va bunga haqqimiz yo'q. Mana shu jihat bizni dushmanlarimizdan ajratadi. Ular zolim imperiya o'rnatmoqchi. O'zini o'zi hukmron deb e'lon qilgan beshafqat kishilardan iborat bir kichik guruh inson hayotining har bir qirrasini idora etmoqchi. Biz fuqarolari oldida javobgar, o’zligini aks ettirgan erkin va mustaqil davlatlar vujudga kelishini xohlaymiz."

Bush, Marokash, Iordaniya va Bahreyn kabi arab mamlakatlarida siyosiy islohatlar amalga oshirilyapti, Saudiya Arabistoni va Misr ham demokratiyaga quchoq ochishi lozim, dedi. AQSh prezidenti nazarida, Suriya va Eron terroristlarni quvvatlashda va ommaviy qirg'in qurollariga intilishda davom etmoqda.

Bushning aytishicha, AQSh, 2001 yilning 11 sentyabridan beri, o'z xavfsizligi yo'lida, misli ko'rilmagan qadamlarni tashladi. Hali oldinda ko'p masalalar turibdi, dedi u:

"Terroristlarga panoh berib, ularga homiylik qilayotgan davlatlar bor. Lekin ularning soni kamaydi. Ommaviy qirg'in qurollariga egalik qilish uchun harakat qilayotgan hukumatlar bor. Ammo, ular kuzatuv ostida. Terroristlar hali ham bizning mamlakatimizni nishonga olib, bizni o'ldirishni, qo'rqitishni istaydi. Biz ularni yengmaguncha, kurashni davom ettiramiz."

AQSh Kongresidagi muxolifat a'zolari, ya'ni Demokratik partiya yetakchilari, prezidentning nutqiga nisbatan fikr bildirarkan, Bush rahbariyati terror hujumlarini oldini olishga tayyor emas, deya ta'kidladilar.

Kaliforniyalik Demokrat vakila Nensi Pelosining aytishicha, AQSh havo, temir yo'l, elektr energiya tizimlari nazorat ostiga olinmagan.

Prezident xavfli materiallarning terroristlar qo'liga tushmasligi uchun boshqa davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishi kerak, dedi Pelosi xonim:

"Mamlakatimizga qarshi eng kuchli xavf bu biologik, kimyoviy va yadroviy materiallarni qo'riqsiz holda qolishidir. Prezident bu xavf haqida to'g'ri gap aytyapti, ammo unga qarshi chora ko'rmayapti."

Bush, hozir, AQSh federal pensiya jamg'arma tizimini isloh qilishga bel bog'lagan. U 70 yillik tarixga ega bu tizimni xususiylashtirishni taklif qilmoqda.

Demokratlar bunga qat'iy qarshilik ko'rsatib, nafaqa aktsiya bozoriga tobe bo'lsa, uning haqi tobora kamayib ketadi, deya tashvish bildirmoqda.

AQSh Konstitutsiyasiga binoan, Prezident hukumatning qonun chiqaruvchi organi bo'lmish Kongresga mamlakat ahvoli haqida hisobot berib turishi lozim.

XS
SM
MD
LG