Breaking News

Vashingtonda <i>haqiqiy</i> inson tanasining qismlari namoyishga qo'yildi. - 2005-02-08


Ko'rgazmadagi namunalar inson tanasining tuzilishi haqida bitilgan yangi kitobdan olingan.

Ular foto-suratlar yoki rassomchilik namunalari emas, balki tibbiy ma'lumotlar asosida kompyuterda shakllantirilgan haqiqiy insonlarga tegishli qismlar…

Ma'lumotlarga ko'ra, –90-yillar boshida vafot etgan bir necha erkak va ayol o'lmasidan avval o'z jasadini shu tibbiy izlanish uchun taqdim etishga ahd qilgan edi.

Taniqli suratkash Aleksandr Tsiaras ijodiga mansub "Erkak va Ayol Tanasining Tuzilishi va Shakli" nomli ilmiy asardagi 60 tasvir va ular asosida ishlangan hujjatli film hozirda Vashingtondagi Tibbiyot Muzeyida namoyish etilmoqda.

"Jasadlar bir katta ko'k qutida muzlatilgan edi. So'ngra, ular maydalangan,"- deya izoh beradi ko'rgazma kuratori Liz Loket.

Loyihani aslida AQSh Tibbiyot Kutubxonasi boshlagan edi. –90-yillar boshida, qotil deb topilib, o'limga mahkum etilgan Jozef Jernigan o'z tanasini shu tadqiqot uchun bag'ishlagan edi.

Kolorado Universitetida, Jerniganning jasadi, avval, magnit rezonansida tasvirga tushirilib, kompyuter tomografiyasiga o'tkazildi. Keyin uni ko'k gelatinada muzlatishdi. Shundan so'ng, tana boshdan oyoqqacha 1800 dan ziyod ultra-ingichka bo'lakka kesildi.

Liz Loketning hikoya qilishicha, tana to'rt millimetrlik bo'laklarga kesilib, maxsus bo'yoqda bo'yalgan va rasmga olishgan.

Boshqa bir ilmiy guruh xuddi shunday izlanishni 59 yoshli bir ayolning jasadida amalga oshirdi. Marhuma yurak xurujidan jon bergan ekan.

Shu tariqa to'plangan tasvirlar elektron mikroskop ostida tekshirilib, Aleksandr Tsiaras hamkorligidagi ilmiy guruh inson anatomiyasi va fiziologiyasini aks ettiruvchi tasviriy ma'lumotlarni yaratdi.

"Qarshingizda bir dunyo raqamlarni ko'rasiz. Muallif algoritm va boshqa usullar orqali tana qismlarni raqamlab chiqqan," -deydi kurator ko'rgazmadagi tasvirlarga ishora qilib. "Hamma narsani ipidan ignasiga ko'rsatilgan. Bunda siz inson skeletini, muskullarini va organlar tuzilishini ko'rasiz."

"Tadqiqotdan maqsad - tibbiyot ilmini rivojlantirish, qolaversa bu, inson tanasining shu paytgacha ko'rilmagan jihatlarini zabt etishdir," - deydi Liz Loket.

"Insonning jismoniy ko'rinishi va tashqi go'zalligi haqida ko'plab kitoblar, ma'lumotlar bor. Ammo, tananing ichki ko'rinishi-chi? Mazkur tadqiqot ana shu g'aroyib husnni namoyish etadi."

Kelasi olti oy mobaynida namoyishda turishi mo'ljallangan bu tibbiyot namunalari nafaqat katta yoshdagilar, balki yosh avlod diqqatini ham tortmoqda. Ko'rgazma va tadqiqot yuzasidan qizg'in bahslar boshlangan.

XS
SM
MD
LG