Breaking News

Matbuot - korruptsiyani fosh etuvchi asosiy kuchlardan biri


Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi bolgariyalik a’zosi Ivan Slavkovni, poraxo’rlikda ayblangandan so’ng, ishdan chetlashtirdi. Uning 2012 yilgi Olimpiadani o’tkazish huquqini qo’lga kiritish maqsadida qo’mita a’zolarining ovozlarini sotganlikda qo’li borligi bir muxbir tomonidan fosh etildi. Muxbir bir yil davomida yashirin kamera yordamida Slavkovni kuzatgan. Biroq Slavkov o’z aybini rad etmoqda.

Vashingtonda joylashgan, ijtimoiy me’yorlar bo'yicha faoliyat ko'rsatuvchi markazning bosh muharriri Bil Alisonning kuzatishicha, izlanuvchi jurnalistlar jinoyatchilarning asl basharasini to’sib turadigan maxfiylik pardasini ochib tashlashda muhim rol o’ynaydilar.

Korruptsiyani fosh etish uchun jurnalistdan yetarlicha axborot to’plash talab etiladi. Masalan, jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish uchun saylangan mulozimlar borasida.

"Nyu Jersi shtatida Robert Torichelli degan bir senator bor edi,"-deya hikoya qiladi Allison. "U Demokratlar partiyasining xurmatli a’zolaridan biri edi. Uning saylovdagi raqibi Respublikachilar partiyasining uncha tanilmagan bir a'zosi edi. G’alaba deyarli Robert Torrichellining qo’lida edi. Biroq, saylov kampaniyasi homiylaridan biri senatorga Roleks soati, hamda uning ma'shuqasi uchun olmos ko’zli sirg’ani sovg’a qilgani haqida hujjatlar bir jurnalistning qo’liga tushgach, sir bir pastda hammaga ayon bo'ldi."

Senator Torichelli saylov kampaniyasini to’xtatishga majbur bo’ldi. "Men g’alabam yo’lida ter to'kkan, menga va men qadrlagan g’oyalarga ishongan kishilarning barchasidan kechirim so’rayman,"-degandi sobiq senator o'shanda.

Jurnalistik tilida tekshiruv yoki tadqiqotlar jurnalistikasi, deb ataluvchi sohaning yangi bir yo'nalishi bu nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda izlanishlar olib borishdir.

Bil Allisonning fikricha, tamaki sanoatidagi qonunsizliklar jurnalistlar e'tiborini qaratib kelayotgan masalalardan biri. "Biz dunyo bo’ylab tamaki firmalarining mahsulotlarini aktsiz markalarisiz mamlakatlarga qanday qilib kirib qolganini kuzatdik. Soliqdan qochish maqsadida, ular, hatto, uyushgan jinoyat vakillari bilan ham hamkorlik qilganlar. Sigaretni ko’chada ancha arzon narxda sotganliklarini aniqladik,"-deydi u.

Ayrim muxbirlar, shuningdek, suvni xususiylashtirish borasidagi qoloq mamlakatlardagi vaziyatni kuzatmoqdalar. Inson huquqlarini himoya qilish faollari va boshqalar Jahon bankining xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish borasidagi talablari ayrim mamlakatlarda mutasaddilarning qing’ir yo’lga kirib ketishlariga sabab bo’layotir, deb taxmin qilmoqdalar.

"Ular Jahon bankining talablarini bajarmasak, zayom ololmaymiz, deb aytmoqdalar. Albatta bu hol ularni suv tizimini xususiylashtirishga undayapti," -deydi janob Allison.

Jahon banki vakili Daniel Kaufmanning so’ziga qaraganda, bu ish bo’yicha jurnalistlar hech bir ayb topa olmaydilar: "Biz xususiylashtirish korruptsiyani kuchaytiradi degan nazariyaga hech qanday isbot topa olmadik."

Biroq, jurnalistlar kuzatuvni davom ettirmoqdalar. Ko’p hollarda, katta pul aralashgan ishda haqiqatni topish qiyinroq kechadi. Unga tegishli materiallar chop etilgach esa jurnalistning hayoti xavf ostiga tushishi mumkin. 2000 yilda mozambiklik jurnalist Karlos Kardoza korruptsiya haqidagi yozgan maqolasi uchun o’z mashinasida otib o’ldirildi.

Turli mamlakatlarda jurnalistlar korruptsiya hollarini tekshirishda turli qiyinchiliklarga duch keladilar. Amerikada, masalan, jurnalistlar ayrim rasmiy hujjatlarni olish huquqiga ega. Lekin ba'zida ular hujjatlarni o'z vaqtida ololmay xunob bo’ladilar.

Bil Alisonning gapiga qaraganda, xavfga qaramay, korruptsiyani fosh etish ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifasidir. Faqat shundagina, xalq davlat xizmatchilarining faoliyatidan boxabar bo’lib turadi.

XS
SM
MD
LG