Breaking News

AQSh Oliy Sudi: o'smir yoshdagi jinoyatchilar qatl etilmaydi  - 2005-03-07


AQSh Oliy sudi sudyasi Entoni Kennedining sa’yi-harakatlari bilan va xalqaro hamjamiyatning AQShda balog’at yoshiga etmaganlarga nisbatan oliy jazoni qo’llab kelayotganiga nisbatan salbiy munosabati natijasida, so’nggi yillarda, AQShda bu masalaga yondashuv keskin o’zgardi.

Sudya Kennedining gapiga qaraganda, Amerika jamiyati o’smir jinoyatchilarga katta yoshdagi jinoyatchilarga qaraganda kamroq darajada aybdor deb qaraydi. Bunga sabab – ularda yetuklik va ruhiy muvozanatning yo’qligir.

O’lim jazo opponentlarining Oliy sud qaroriga munosabati ijobiy bo’ldi. Nyu Yorkdagi o’smirlar huquqi markazi vakili Marsha Levik shunday deydi: "Biz kattalarga xos aybdorlik hissiyotini sezmaydigan, hamda yetuk mulohaza yuritish qobiliyati shakllanmagan o’smirlarga nisbatan oliy jazo qo’llay olmaymiz."

To’qqiz a’zolik Oliy sudda beshga to’rt ovoz bilan hal bo’lgan qaror 18 yoshgacha bo’lgan o’smirlarga nisbatan o’lim jazosini qo’llaydigan 18 shtat qonunini o’zgartiradi.

Shunday qilib, jinoyatni sodir etgan mahalda 16 yoki 17 yoshga bo’lgan va hozirda o’z ajalini kutayotgan 70 ga yaqin mahbusning so’nggan umidlari yana jonlandi. 1988 yili Oliy sud 15 va undan yosh jinoyatchilarga nisbatan o’lim jazosini bekor qilgan edi.

AQShdan tashqari yana bir necha mamlakatda balog’at yoshiga etmaganlarga nisbatan haligacha o’lim jazosi qo’llaniladi. Ularning orasida Eron, Pokiston, Xitoy va Saudiya Arabistoni ham bor.

Oliy sud sudyasi Sandra Dey O’Konnor bu qarorga qarshi ovoz bergan to’rt azodan biri. Uning fikricha, 18 yoshga etmaganlar qilgan jinoyatlarida, kattalarga qaraganda, kamroq darajada aybdor bo’lsa-da, sodir etgan jinoyatlarining darajasiga qarab, oliy hukmdan mustasno bo’lmasliklari kerak.

Bu qarorga qarshi chiqayotgan boshqa toifa vakillari o’smirlar tomonidan o’ldirilgan kishilarning yaqinlaridir. Bil Grin va Adolf Penalar o’z farzandlarini 17 yoshli jinoyatchilarning qabihliklari tufayli yo’qotdilar.

Bil Grin "O’g’limni o’ldirgan bola 17 yoshiga qadar 14 ta og’ir jinoyat sodir etib ulgurgan," -desa, Adolf Pena "Qizimni hayotidan ayirgan 17-yoshlilar o’sha vaqtda jinoyatga nima qilayotganliklarini to’la-to’kis anglab, qo’l urgan,"-deydi.

Oliy jazo bo’yicha axborot markazining xabar berishicha, 1976 yili Oliy sud o’lim jazosini tiklagandan beri, Amerikada jinoyat qilgan paytda 16 yoki 17 yoshda bo’lgan 22 nafar kishiga nisbatan oliy jazo qo’llanilgan.

Oliy sudning so’nggi qarori AQShda o’lim jazosini butunlay bekor qilish yo’lidagi harakatlarning yana bir tantanasidir. 2002 yil aqlan zaif jinoyatchilarning oliy jazoga hukm etilishi, AQSh Konstitutsiyasining shafqatsiz va g’ayritabiiy jazo qo’llanilishiga qarshi punktiga xilof deb, to’xtatilgan edi.

XS
SM
MD
LG