Breaking News

Afg’onistonda ko’knor yetishtirish darajasi yuqoriligicha qolmoqda


Yaqinda AQSh Vakillar palatasining Xalqaro aloqalar bo’yicha qo’mitasida AQShning Afg’onistonda giyohvand moddalarga qarshi olib borayotgan siyosati muhokama qilindi.

Ko’knor opiyi geroinni ishlab chiqarishda xom-ashyo vazifasini o’taydi. Afg’onistonda bu mahalliy dehqonlar daromadining asosiy qismini tashkil etadi. Ko'knor Afg'oniston yalpi ichki mahsulotining 60 foiziga teng va undan yiliga 2,5 milliard dollarlik daromad keladi.

AQShning ayrim qonun chiqaruvchilari Afg’oniston narkotik mamlakatiga aylanib ketyapti, degan xavotirda. AQSh Narkotik moddalarga qarshi kurash agentligining maxsus operatsiyalar bo’yicha rahbari Maykl Braun palata a’zolarini, bu muammo bo’yicha agentlik ijobiy natijalarga erishdi, deb ishontirishga urindi.

Maykl Braun:
"Biz va boshqa AQSh hukumat agentliklari hamda afg’on huquq-tartibot kuchlarining tatbiq etayotgan harakatlari tufayli Afg’onistonda ko’knorni yetishtirish darajasi susayadi va pirovardida mamlakat va mintaqa barqarorlashadi."

Biroq AQSh Mudofaa vazirining narkotiklarga qarshi kurash bo’yicha yordamchisi muovini Meri Bet Long, bu muammoni hal qilish oson emas dedi.

Meri Bet Long:
"Adliya tizimi yaxshi ishga tushmasdan turib narkokuryerlarni mahbuslikda saqlash yoki bo’lmasa afg’onlarga oilalarini boqish uchun sharoit yaratib bermasdan turib yoki afg’on politsiyasi va boshqa kuchlarini kerakli tayyorgarlikdan o’tkazmay turib, ko’knor yetishtirishni man qilish vaziyatni yanada mushkullashtirishi mumkin."

Meri Longning ma’ruzasi hamda AQSh harbiy va boshqa davlat mahkamalari vakillarining chiqishlaridan so’ng mazkur majlisda raislik qilayotgan kaliforniyalik respublikachi kongressmen Dena Rorabaker o’rtaga shunday savol tashladi:

Kongressmen Dena Rorabaker:
"Orangizda Afg’onistondagi narkotiklarga qarshi kurash dasturlarimiz muvaffaqiyat keltirgan, deydiganlar bormi? Yo’q, men bunday deb o’ylamayman."

Kongressmen Rorabaker Afg’onistonda geroin ishlab chiqarish suratining o’sganini “uyat” deb atadi.

2001 yilda AQSh qurolli kuchlari Tolibon hukumatini hokimiyatdan ag’dargandan so’ng, AQSh Afg'onistonda ko’knor yetishtirish suratini pasaytirish borasida Afg’on hukumati bilan hamkorlik qildi.

2004 yilda Bush mahkamasi Afg’onistonga bu masalada yordam ko’rsatish dasturini ishlab chiqdi. Dastur mamlakatda qishloq xo’jaligining muqobil turlarini joriy etish, yerni butunlay haydab tashlash, geroin ishlab chiqariladigan va saqlanadigan laboratoriya hamda omborlarni yo’qotish kabi usullar o’rin olgan.

Ba'zi muvaffaqiyatlarga qaramay, Afg’onistonda ko’knor yetishtirish darajasi hali ham yuqoriligicha qolmoqda. Rorabaker singari ayrim kongressmenlar, giyohvand moddalar sotuvidan tushgan pul terrorizm yo'lida xizmat qiladi deb, tashvishlanmoqdalar.

XS
SM
MD
LG