Breaking News

Inson huquqlari himoyachisi sudga tortilmoqda


Andijon voqelaridan so`ng hibsga olingan inson huquqlari himoyachisi Saidjahon Zaynobiddinov ustidan sud jarayonlari boshlandi. Zaynobiddinovga nisbatan aybnomalar soni ko`paytirilgan. U O`zbekiston konstitutsiyasiga tajavuz qilganlikda ham ayblanmoqda.

“Appelyatsiya” tashkilotining rahbari Saidjahon Zaynobiddinov Andijon voqealaridan so`ng yolg`on axborot tarqatish va aholi o`rtasida vahima ko`tarish ayblari bilan hibsga olingan edi. Daslabki tergov harakatlari tugagach, unga nisbatan qo`yilayotgan jinoiy moddalar soni yanada ko`paytirilgan.

O`zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko`ra ular ichida O`zbekiston konstitutsiyasiga tajavuz qilish ham bor.

“Mendagi ma'lumotlarga ko`ra Zaynobiddinovga nisbatan qoyilgan aybnomalar yana uchtaga ko`paytirilgan. Bular 159 modda – O`zbekiston konstitutsiyasiga tajovuz qilish va chegarani noqonuniy kesib o`tish. Bu erda O`zbekiston va Qirg`iziston chegarasi nazarda tutilmoqda”, - deydi Surat Ikromov.

Saidjahaon Zaynobiddinovning qarindoshlariga yuborilgan ogohlantirishga ko`ra sud jarayoni 4 yanvardan boshlangan. Biroq hozircha sud jarayonining qayerda o`tayotganligi rasman ma'lum emas.

“Zaynobiddinov ustidan sud jarayoni boshlanganini O`zbekiston prokuraturasi kotibi tasdiqlagan, faqat jarayon qaerda o`tayotganligidan bexabarligini aytgan”, - deb ta'kidlaydi Surat Ikromov.

Saidjahon Zaynobiddinov Andijon voqealariga bevosita guvoh bo`lgan va bu haqda xalqaro ommaviy axborot vositalariga mal'umot tarqatgan mahalliy inson huquqlari himoyachilaridan biri edi.

XS
SM
MD
LG