Breaking News

AQShni ichki terror muammolari bezovta qilmoqda


19 aprel kuni AQShning g'arbida joylashgan Oklaxoma shtatida o'n yil ilgari sodir etilgan mudhish terror xuruji qurbonlarini yod etib, Oklaxoma shahrida maxsus marosim o'tkazildi. O'shanda mahalliy hukumat binosi yonida yuk avtomashinasiga joylashtirilgan bomba portlashidan 168 kishi halok bo'lgan edi. Ularning ichida yosh bolalar ham bor edi. Bugunga kelib, Federal Qidiruv Byurosi ichki terrorizmga doir 300 ga yaqin tergov ishini olib boryapti.

Huquq tartibot organlari terrorizmga qarshi sayi-harakatlarida unga daxldor qator kishilarni hibsga olgan bir paytda, guruh AQShning ichkarisida ham xalqqa tahdid solyapti, degan xavotir hukm suradi.

Jeyms Vikstrom oqlarning irqiy ustuvorligini tashviq qilib, AQSh hukumatini o'zining dushmani sifatida ko'radigan ichki terrorism urug'ini sochuvchi ana shunday kimsalardan biri. Vikstrom Internetdagi sahifasiga AQShning Oklahoma shahridagi terror hujumi muallifi Timoti Makveyning suratini, shahid sifatida, joylashtirgan. Saytida u AQSh hukumati rahbarlarini o'limga mahkum etadi.

ABC (Ey-Bi-Si) telekompaniyasining xabar berishicha, AQSh hukumati mamlakatdagi 22 guruhni ichki terror tashkilotlari deb tan olgan. Kaliforniya davlat universitetining Nafrat va ektremizmni o'rganish markazi professori Brayan Levin ana shunday guruhlar ishini kuzatadi.

"Hozirda o'n yil ilgari Timotey Makvey sodir etgan terror harakatidan ham battarroq xurujlarini amalga oshirishga qurbi ham, mahorati ham, nafrati ham bor odamlar yetarli," deydi Levin.

Professor Levinning aytishicha, Internet hozirda aloqa o'rnatish va odam yollash uchun qulay vosita sifatida xizmat qilmoqda.

"Uylarida o'tirib, Internet orqali bomba yasashni o'rganadilar va saytdagi nafratomuz bayonotlardan ruhlanadilar," deydi u.

Huquq tartibot organlari bu guruhlar balog'at yoshiga yetmaganlarni o'ziga og'dirmoqchi, deb ogohlantiradi. Yaqinda Kaliforniya shtatidagi bir o'rta maktab futbol jamoasi murabbiysining uyidan qurollar, narkotik moddalar va natsistlar mafkurasiga doir materiallar topildi. Murabbiy yoshlarni neonatsitslar guruhiga jalb qilayotgan ekan. U va uning 18 hamtovog'i sud kunini kutmoqda.

XS
SM
MD
LG