AQSh Davlat departamenti O’zbekistondagi Amerika fuqarolarini xushyorlikka chaqirib, yangi bayonot chiqardi. Unga ko’ra, terroristlar yaqin o’rtada O’zbekistonda xuruj uyushtirishlari mumkin.
O’tgan oyda ana shunday xuruj ehtimoli haqidagi axborot olingandan so’ng, Davlat departamentining buyrug’iga ko’ra, AQShning Toshkentdagi elchixonasidagi ayrim vakillar va ularning oila a’zolari O’zbekistonni tark etgan edilar. Biroq keyinchalik bu buyruq bekor qilinishiga qaramay, Davlat departamenti terrorchilarning O’zbekistonda AQSh manfaatlariga qarshi xuruj uyushtirishlari mumkinligi haqida axborot olib turayotganligini kecha bildirdi.
Chiqarilgan bayonot amerikaliklarni O’zbekistonga safarlari davomida o’ta xushyor bo’lishga va mamlakat ichida aholi to’plangan joylardan uzoqroqda yurishga chaqirdi. AQSh rasmiylari, al-Qoidaga hamnafas va boshqa terrorchi guruhlarning mintaqadagi faolligini ta’kidladilar.