Breaking News

Rafis Abazov: Mamlakatni tushunish uchun madaniyatini o'rganish kerak


Rafis Abazov, Kolumbiya universiteti domlasi

Kolumbiya universitetida tahsil beruvchi Rafis Abazovning aytishicha, Markaziy Osiyo madaniyati, adabiyotini bilmay turib, mintaqani yaxshi tushunish mumkin emas. Olim ishtiroki va tashabbusi bilan yaqinda Qozog'iston adabiyoti namunalari ingliz tiliga tarjima qilinib, AQShda chop etildi.

Olim bilan madaniyat, adabiyotning siyosatshunoslikka ta'siri haqida gaplashdik.

RAFIS ABAZOV: "Globalizatsiya haqida gapirganimizda chegaralarning ochiqligi, xorijiy tillar va, xususan, ingliz tilining o’rganilishi, dunyoning globallashuvi, odamlarning bir-biriga yaqin bo’lishi, bir xil musiqani tinglashi nazarda tutiladi. Ammo jarayonlarga yaxshiroq e’tibor beradigan bo’lsak, aslida dunyo yaxlit bo’layotgani yo’q, turli-tuman chegaralar ko’p.

Xorijiy tillar va madaniyatlarni o’rganayotgan odam o’z madaniyatini ham yaxshiroq bilishi kerakligini anglaydi degan umiddaman. Inson o’z madaniyatini yaxshi bilibgina qolmay, uni o’z millatdoshlari va xorijliklar orasida targ’ib qilishni ham bilishi lozim. Milliy madaniyat xususiyatlariga doir bilimlar juda muhim. Shu asnoda biz Buyuk Ipak yo’li mavzusida kitoblar turkumini chiqarishga kirishdik va bu kitoblar yordamida Markaziy Osiyo madaniyatini namoyish etmoqchimiz. Markaziy Osiyoni o’rganish uchun ayrimlar iqtisod, siyosat, statistikani bilish kerak deb o’ylab, inson omilini esdan chiqarishadi. Markaziy Osiyoni yaxshi tushunish uchun yolg’iz raqamlarni yoki jug’rofiyani bilmasdan odamlarni ham tushunishni bilish kerak. Madaniyatni yaxshi bilmay turib, u yoki bu mamlakatdagi jarayonlarni tushunib bo’lmaydi. Adabiyot esa madaniyatni anglashda muhim rol o’ynaydi.

Rafis Abazov muallifligidagi birinchi kitob
Rafis Abazov muallifligidagi birinchi kitob

Shu maqsadda biz uchta to’plam tayyorladik. Birinchisiga O’ljas Sulaymonovning asarlari kirgan, “Yashil cho’l” deb nomlanadi. Ikkinchisi ko’chmanchi xalqlar hayotiga bag’ishlanadi - urushdan keyingi Qozog’iston adabiyotiga asoslangan. Uchinchi kitobda insonning tabiat bilan aloqasi aks ettirilgan.

Madaniyat rivojlansa, madaniyatni yaxshi anglay olsak, dunyoni tushunishda muvozanat hosil bo’lib, odamlar ham bir-birini yaxshi tushunadi va hamkorlik qilishi osonlashadi".

ODIL RUZALIEV: Kitob kimlarga mo'ljallangan?

RAFIS ABAZOV: "Bugungi kunda juda ko’p adabiyot inglizchadan boshqa tillarga tarjima qilinadi, G’arbda ko’p badiiy fimlar ishlab chiqilib, Markaziy Osiyoda namoyish etilmoqda. Bir tomonlama oqimni ko’rish mumkin. Amerikaliklarga o’z madaniyatimizni qanday qilib tushuntira olishimiz mumkin? Buning uchun adabiyotni, asarlarni, filmlarni, nazm va navoni ingliz tiliga o’girish kerak.

Rafis Abazov muallifligidagi ikkinchi kitob
Rafis Abazov muallifligidagi ikkinchi kitob

Biz amerikaliklarning madaniyatini hazm qilibgina qolmay, amerikaliklarga jahon madaniyatining bundan ham boyroq ekanini ko’rsatishimiz kerak. Mana shu kitobni amerikalik o’quvchiga moslab tarjima qildik. Unga Qozog’iston adabiyotining 20-asrdagi bizning nazarimizda eng yaxshi 24 ta namunasi kirgan - yarmi nazm, yarmi navo".

ODIL RUZALIEV: Kitob va undagi g'oyalar qanday targ'ib qilinadi Amerikada?

RAFIS ABAZOV: "Buning eng samarali yo’li talabalar bilan ishlash. Men o’zim o’qituvchiman. Ham amerikalik, ham markaziy osiyolik talabalar bilan ishlayman. Bu yoshda inson poydevori shakllanadi, bilish, o’rganish, izlash qobiliyati rivojlanadi. Ushbu kitob Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, sobiq Sovet davri, jahon adabiyotini o’rganishda qo’l kelib, o’quv dasturiga kiritiladi hamda talabalar, magistr va doktorlikka nomzodlar uni mutolaa qiladi degan umiddamiz".

Rafis Abazov: Xalqni tushunish uchun uning madaniyatini o'rganish kerak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:33 0:00

ODIL RUZALIEV: Amerikada Markaziy Osiyoga qiziqish qanday?

RAFIS ABAZOV: "Qiziqish to’lqin kabi - bir ko’tariladi, bir tushadi. Bu to’lqinlar sababini tushuntirish qiyin, zero bir qancha omillar bor. Masalan, iqtisodiy qiziqishga bog’liq. Neft narxi ko’tarilganda, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiy jihatdan oyoqqa ko’tarilganda iqtisod, energetika sohalarini o’rganuvchi talabalarda mintaqaga qiziqish uyg’onadi.

Yoki regionda vaziyat taranglashsa, masalan, Afg’onistondagi voqealarni olaylik. Shunda xalqaro xavfsizlik, xalqaro aloqalar, diplomatiya sohalari ekspertlari Markaziy Osiyoga qiziqish bildirdi.

Yoki biror madaniy voqea yuz bersa. Masalan, “Ko’chmanchi” filmi katta ekranga chiqqanida ham ko’chmanchi xalqlar hayoti amerikaliklar diqqatini o’ziga tortdi. Chunki Amerikaning o’zida ham ko’chmanchi madaniyatlar bo’lgan - kovboylar, hindular. Hozir esa Rossiya siyosatiga qiziqish Markaziy Osiyoga ham qiziqishga sabab bo’lmoqda".

Rafis Abazov muallifligidagi uchinchi kitob
Rafis Abazov muallifligidagi uchinchi kitob

ODIL RUZALIEV: Amerikada Markaziy Osiyo bo’yicha ekspertlarning bilim darajasi qanday?

RAFIS ABAZOV: "Amerikada ta’lim sifati juda yuqori. Markaziy Osiyoni o’rganuvchi ko’p mutaxassislar bor. Lekin hammasining ham bilim darajasi birday emas. Ayrimlar yuzaki o’rganadi, xolos, boshqalar esa chuqurroq. Ba’zida amerikalik talabalar markaziy osiyolik tengqurlariga mintaqa haqida saboq berishi mumkin, chunki Markaziy Osiyo universitetlarida faqat o’z tarixini o’rgatishadi - O’zbekistonda o’z tarixini, Qozog’istonda o’z tarixini. Amerikada esa mintaqa bo’yicha bilim berishadi. Shu sabab magistratura yoki doktoranturada o’qiyotganlar kengroq manzarani ko’ra oladi, mintaqaning umumiy taraqqiyotini, munosabatlarning asrlar davomida qanday kechganini o’rganadi. To’g’ri, ular muayyan bir davlatdagi jarayonlar bilan chuqur tanish bo’lmasligi mumkin, lekin butun boshli regionni oladigan bo’lsak, uni yaxshi bilishadi".

ODIL RUZALIEV: O'zbek adabiyoti haqida ham loyiha qilish rejasi bormi?

RAFIS ABAZOV: "O’zbekistonlik hamkasblar bilan aloqadamiz. Chiqargan kitoblarimizni ularga ko’rsatganmiz, ishimizni bilishadi. Aytish joiz, O’zbekistonning 20-asr adabiyoti juda ham boy, biroq ingliz tiliga tarjima qilinib, Amerikada chop etilganlari judayam kam.

Amerikada o’zbek klassik adabiyotini o’rganish harakatlari bo’lgan, xususan, hayotini Markaziy Osiyo va, xususan, O’zbekiston tarixi va madaniyatini o’rganishga bag’ishlagan Kolumbiya universiteti sobiq professori Edvard Olvort (Edward Allworth) tomonidan. Biroq u nafaqaga chiqqanidan beri faolligi susaygan. Shu sabab O’zbekiston va AQShda bu sohalarga qiziqish bildirgan yoshlar ko’p ijod qilishi lozim.

Zamonaviy dunyoda odam o’z mamlakati, tarixi haqida ko’p gapirib turishi kerak, aks holda xotiradan o’chiriladi. Masalan, odamlar “Kola-Kola”ni yaxshi bilsa ham, kompaniya o’z mahsulotlarini hamisha reklama qiladi. Chunki hozirgi texnologik inqilob davrida axborot oqimi ulkan bo’lib, ma’lumotlar yuvilib ketishi mumkin. Shunga har bir mamlakat o’z madaniyati haqida ko’p gapirishi zarur. Umid qilamanki, kelajakda O’zbekiston bo’yicha ham loyihaga qo’l uramiz".

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG