Breaking News

Bobomurod Abdullayev ishi bo'yicha ko'rsatmalarni tinglash yakunlandi


Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudi binosi

Toshkentda davlatga qarshi fitnada ayblanayotgan jurnalistlar ustidan mahkama ishi davom etmoqda. 2-aprel kuni ko’rsatma bergan Hayotxon Nasriddinov ham hokimiyatni kuch bilan egallash ayblovini rad etdi.

Jurnalistlar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, tadbirkorlar Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevlar doxil davlatga qarshi fitna ishi bo’yicha borayotgan mahkama tobora ayblov asossizligi haqidagi taassurotlarni kengaytirmoqda, degan qarashda mahkamani kuzatib kelayotgan faollar.

Abdullayev ishi bo'yicha so'nggi ko'rsatmalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:06 0:00

2-aprel kuni o’tgan sud majlisida, asosan, Hayotxon Nasriddinovning ko’rsatmalari tinglangan, qolgan uch ayblanuvchi o’z ko’rsatmalarini yakunlagan. Mahkama ayblanuvchilarni so’roq qilishga kirishishi kutilmoqda.

Sudda dastlab ko’rsatma bergan jurnalist Bobomurod Abdullayev ayblovni to’liq rad etgan, qiynoqlar va tazyiqlar tufayli iqrorlikka majburlangani, “Usmon Haqanazar” taxallusi ostidagi maqolalarni tuzumni ag’darish maqsadida emas, jurnalistik nuqtai nazaridan yozganini ta’kidlagan.

Ravshan Salayev va Shavkat Olloyorov ham hukumatni ag’darish rejasidan xabarsiz ekanliklarini bildirishgan.

Sud ishini kuzatib borayotgan huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko’ra, Nasriddinov mahkamada o’zaro ziddiyatli ko’rsatmalar bergan bo’lsa-da, konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan ag’darishga urinish ayblovini rad etgan

“U ayblovni rad qilyapti, ammo mahkamadagi gaplari turlicha. Bir Muhammad Solihni yomonlaydi, sudya keyin u bilan uchrashganmisiz deb so’radi, u yo’q dedi. Yana Bobomurodga qarshi ko’rsatmalar bermoqchi bo’ldi, lekin bu borada ham savollarga aniq javob bera olmadi. Xullas, shunaqa ziddiyatli ko’rsatmalar berdi. Bugun yana bir guvoh so’roq qilindi, Husanov degan, sobiq harbiy. U ham tergovda bergan ko’rsatmalariga nisbatan mutlaqo teskari ko’rsatma berdi. Sudyaning nega bunaqa degan savoliga u javob bermadi. Ammo MXX tergovchilari u bilan qattiq ishlaganini taxmin qilish mumkin. Ular Nasriddinov bilan ham xuddi shunday ishlashgan, chunki uning advokatini biz tanlagan edik. Advokatning aytishiga qaraganda, Nasriddinov qiynoqlar takrorlanishidan qattiq qo’rqib qolgan”, - deydi Surat Ikromov.

Toshkentdagi mahkama ko’rayotgan davlatga qarshi fitna, hokimiyatni egallashga urinish ishi ayni paytda Davlat xavfsizlik xizmatiga aylantirilgan sobiq Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan tayyorlangan.

Jinoyat ishi o’tgan yil sentabr oyida jurnalist Bobomurod Abdullayevning hibsga olinishidan so’ng boshlangan, keyinchalik bu ish doirasida tadbirkorlar Ravshan Salayev, Shavkat Olloyorov va jurnalist Hayotxon Nasriddinov ham hibsga olingan edi.

Jurnalistlarning hibsga olinishi xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan keskin norozilik bilan kutib olindi, bir qator tashkilotlar jurnalistlar zudlik bilan ozod qilinishini talab qilib, O’zbekiston hukumatiga murojaat bilan ham chiqishgan edi.

Hibsdagilar muxolifatdagi O’zbekiston Xalq harakati raisi Muhammad Solih bilan hamkorlikda beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatni egallashni maqsad qilgan “O’rim” deb nomlangan reja tuzishda ayblanmoqda.

Surat Ikromovning aytishicha, mahkamaning bugungacha bo’lgan jarayoni jurnalistlarga nisbatan surilayotgan davlatga qarshi fitna, hokimiyatni egallashga urinish ishi mutlaqo asossiz ekanligi haqida xulosalar bergan.

“Gap shundaki, Bobomuroddan tashqari hech kim bir-birini avval tanimagan, uchrashmagan. Ikkinchidan, ular “Usmon Haqnazar” kimligi haqida tasavvurga ham ega emas. Agar ayblovga qaralsa, ya’ni 159-moddaning 4- bandi hokimiyatni kuch bilan egallashga urinish, ularning hammasi bir-birini tanigan bo’lishi kerak. Chunki, o’zaro notanish odamlar qanday qilib hokimiyatni kuch bilan egallashi mumkin. Shuning uchun ham bu kulgili, ko’plar ayblov sahnalashtirilganini tushunib turishibdi”, - deydi Surat Ikromov.

Jurnalistlar ustidan mahkama chorshanba kuni yana davom etadi. Ayblanuvchilarning ko’rsatmalarini tinglab bo’lgan sud guvohlarni so’roq qilishga kirishgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG