Akbarali Abdullayev Ukrainaga shaxsiy samolyotida qo'ngan


Akbarali Abdullayev

Marhum prezident Islom Karimovning qarindoshi Akbarali Abdullayev shaxsiy samolyotiga yoqilg'i quyish uchun Ukrainaga qo'nishga majbur bo'lganiga oid yangi tafsilotlar chiqdi.

Millionlab mablag' o'marishda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan Abdullayevning ekstraditsiyasi bo'yicha O'zbekiston tomonidan hanuz murojaat tushmagan. Kiyev prokuraturasi “Amerika Ovozi”ga Akbarali Abdullayevga oid so'nggi vaziyat yuzasidan ma'lumot berdi.

Prokuratura matbuot kotibi Nadejda Maksimetsning aytishicha, shaxsiy uchog'ida safarga chiqqan Akbarali Abdullayev yoqilg'i quyish maqsadida Kievga qo'nishga majbur bo'lgan.

“U Kiyevga shaxsiy uchog'ida qo'ngan, yoqilg'i quyish uchun. Hujjatlarini tekshirish paytida u Dominikan respublikasi fuqarosining pasportini ko'rsatgan. Ammo nazorat paytida Ukrainaga kirish uchun vizasi bo'lmagani sababli unga nisbatan ma'muriy chora ko'rishga qaror qilishgan. Shunda u viza talab qilinmaydigan O'zbekiston fuqarosi pasportiga ham egaligini aytgan. O'zbekiston fuqarosi pasporti bo'yicha o'tkazilgan tekshiruv natijasida uning katta miqdordagi mablag' o'zlashtirish aybi bilan xalqaro qidiruvga berilgani aniqlangan. Vaziyatdan kelib chiqib qaralsa, uning Kiyevga qo'nishi majburiy bo'lganga o'xshaydi, yoqilg'i quyish uchun”, - deydi Nadejda Maksimets.

Ukraina aeroportida ushlangan Abdullayevning xalqaro qidiruvda ekanligi aniqlangach, Kiyev sudi uni 40 kunlik qamoqda saqlash haqida qaror chiqardi. Shu muhlat davomida O'zbekiston huquq-tartibot idoralari Ukraina tomoniga Abdullayevni topshirishni so'rab rasman murojaat qilishlari kutilmoqda.

Nadejda Maksimetsga ko'ra, bunday murojaat tushganicha yo'q. Murojaat tushgan taqdirda Abdullayevni O'zbekistonga topshirish masalasi Bosh prokuratura tomonidan ko'rib chiqiladi va taqdim etilgan hujjatlarga ko'ra tegishli qarorga kelinadi.

Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaning jiyani bo'lgan Akbarali Abdullayev katta miqdordagi mablag'ni o'zlashtirishda ayblanib uy qamog'iga hukm qilingan Gulnora Karimovaning ham yaqin maslakdoshlaridan biri hisoblanadi.

Abdullayev Islom Karimov hayotlik davrida davlatga katta miqdorda zarar keltirish, mablag' o'zlashtrish aybi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. U Farg'ona viloyatidagi bir nechta yirik korxonalarning egasi, Karimovalarga tegishli biznes imperiyada ham muhim o'rin tutgan kishilardan biri bo'lgan.

Akbarali Abdullayevni bosimga olish Karimovalar oilasida yuzaga chiqqan so'nggi ziddiyatlar bilan ham bog'liq ko'riladi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Akbarali Abdullayev prezident Islom Karimovning vafot etishi ortidan yashirin yo'llar bilan O'zbekistonni tark etishga muvaffaq bo'lgan. Ayni paytda u Kiyevdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG