Breaking News

Tekshiruv: AQSh ayollar futbolida jinsiy bosim va tajovuzlar "keng tarqalgan"


Shimoliy Karolina shtatidagi o'yin, 6-oktabr, 2021
Shimoliy Karolina shtatidagi o'yin, 6-oktabr, 2021

Mustaqil komissiya tekshiruvi natijalariga ko'ra, AQSh Milliy ayollar futboli ligasida o'tgan mavsum bag'oyat og'ir kechib, ruhiy va jinsiy bosim keng ko'lamda kuzatilgan. Trenerler va o'yinchilar orasidagi munosabatlar o'ta noprofessional ko'rinishga kirgan, deyiladi xulosada.

4-oktabr kuni chiqqan hisobotni AQSh sobiq adliya vaziri Salli Yits yozgan.

"Ligada vaziyat tamoman izdan chiqqan. Shu qadarki, murabbiylar va sportchilar orasidagi rishtalar qayerdan boshlanib, qayerda tugashi mavhumlashgan", - deydi arbob.

Liga Yits va "King & Spaulding" yuridik firmasini yollab, ulardan xolis tekshiruv o'tkazishni so'ragan.

O'tgan yili Sinid Farrelli va Mana Shim ismli futbolchilar uzoq yillar oldin jinsiy tazyiqni boshdan kechirganini da'vo qilib chiqqan edi. Trener Pol Rayli ayblangan bu ish tafsilotlari " The Athletic" sport jurnalida 20221-yilning sentabrida bosilgan.

Shimoliy Karolina shtatida murabbiylik qilgan Rayli ayblovni inkor etgan, ammo darhol ishdan olingan.

O'tgan bir yil ichida 10 yetakchi murabbiydan besh nafari vazifasidan ozod etilgan. Hammasi ahloqsizlikda gumon qilingan.

"O'yinchilar trenerlarning qattiq so'kishlari, ruhan ezishlaridan noligan. Azoblangan qizlar - Amerikaning va dunyoning eng kuchli futbolchilari", - deyiladi hisobotda.

Tekshiruvda 200 dan oshiq odam so'roq qilingan. 20 ga yaqin tashkilotlar va shaxslardan asoslar yig'ilgan. 89 ming hujjat va ashyoviy dalil ko'rib chiqilgan.

AQSh Milliy ayollar futboli ligasi rahbari Sindi Parlou Koun xulosalardan dahshatda.

"Kechirib bo'lmas holatlar va bularga sportda, hech bir sohada toqat qilmaslik kerak", - deydi u.

"Biz ligamizni ulardan tozalaymiz. Har bir sportchimiz o'zini xavfsiz his qilishi shart. Har qanday darajadagi o'yinchi o'rganar, o'sar va raqobatbardosh sportchiga aylanar ekan, e'zozlanadi".

Trener Pol Rayli o'yinchilarga bosim o'tkazmaganini aytadi, ammo ishdan ketgan
Trener Pol Rayli o'yinchilarga bosim o'tkazmaganini aytadi, ammo ishdan ketgan

Liga prezidentining qayd etishicha, endilikda tartib keskinlashadi. Har bir komanda har qanday qoidabuzarlik va ahloqsizlik haqida zudlik bilan xabar berishi va murabbiylarning xatti-harakati qat'iyan nazorat qilinishi shart.

Trenerlarni yollashda odobga e'tibor kuchayadi, deydi Koun xonim.

Hisob ketidan komandama-komanda tekshiruvlar boshlangan. Ayni damda uch trener tergov ostida.

Huquqbuzarlik va qonunbuzarlik hollari uchun javob beriladi, deydi prezident.

Hozirda Yevropada futbol o'ynaydigan amerikalik Erin Simon deydiki, ayol sportchilar tazyiqqa shunchalik o'rganib ketganki, ularning shikoyat qilishi uchun qoidalarni yangilashning o'zi yetmaydi. Vijdonli bo'lish kerak, deydi 28 yoshli Simon.

"E'tiqodim bo'lmaganida o'zim ham bosim va tahdidlarga chiday olmagan bo'lar edim", - deydi u.

"Boshqa hech kim men kabi ezilishini istamayman. Hisobot chiqqanidan xursandman, chunki unda haqiqat aks etgan. Sportchilar erkin holda shug'ullanishi uchun sharoit zarur".

AQSh Milliy ayollar futboli ligasi mamlakat bo'ylab qanot yozgan murakkab tizim bo'lib, minglab odamni ish bilan ta'minlaydi. Hisobotdagi tavsiyalar darhol amalga oshiriladi, deydi uning prezidenti.

"Futbol jamoamiz bunday salbiy ta'rifga aslo arzimaydi, obro'mizni yaxshilashdan boshqa yo'l yo'q. Sohamiz ishonchli maydonga aylanishi shart".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG