Joriy yil fevralida Osiyo taraqqiyot bankida Markaziy va G’arbiy Osiyo bo’yicha bosh direktori lavozimiga tayinlangan Verner Lipak yaqinda “Amerika Ovozi”da bo’lib, O’zbekistonga taalluqli savollarga javob berdi.
"Amerika Ovozi": Janob Lipak, O’zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qanday baholaysiz?
Verner Lipak: O’zbekistonda katta ijobiy o’zgarishlar kuzatilmoqda. O’zbekiston tashqi siyosati yaqinda o’zgarib, mamlakat xalqaro hamjamiyatga ochilmoqda, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lishga harakat avjida. Bu borada muzokaralar, muhokamalar ketmoqda. Jarayon yaxshi kechyapti va yaqin orada o’z yakuniga yetadi deb o’ylayman.
"Amerika Ovozi": O’zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish istiqbollari haqida nima deysiz?
Verner Lipak: Osiyo taraqqiyot bankida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi mavjud. Ana shu dastur doirasida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lishga harakat qilayotgan mamlakatlarga texnik ko’mak berish ko’zda tutilgan, ya’ni maslahat berish va yo’lq-yo’riq ko’rsatish.
"Amerika Ovozi": O’zbekistonda islohotlar yo’lida qanday to’siqlar bor, Osiyo taraqqiyot bankining yangi mintaqaviy direktori sifatida O’zbekistonga bu borada qanday yordam bermoqchisiz?:
Verner Lipak: Ayni damda standartlashtirish va uyg’unlashtirishga doir masalalar dolzarb. Tariflarga aloqasi bo’lmagan to’siqlarni bekor qilish xususida gaplashyapmiz, ayniqsa qishloq xo’jaligi mahsulotlariga. Shuningdek, O’zbekistonning yirik bozorlarga kirishi uchun ularning andozalariga javob berishida ko’maklashyapmiz.
Facebook Forum