Breaking News

AQSh razvedkasi: 2016-yilda Afg'onistonda barqarorlik kutmang


AQSh Milliy razvedka xizmati direktori Jeyms Klapper Senatdagi tinglovda
AQSh Milliy razvedka xizmati direktori Jeyms Klapper Senatdagi tinglovda

AQSh razvedkasi tayyorlagan so'nggi hisobotga ko'ra, Afg'onistonda hukumat va Tolibonni yarashtirish istiqboli yaxshi emas va joriy yil davomida vaziyat yanada yomonlashishi mumkin.

AQSh Milliy razvedka xizmati direktori Jeyms Klapperning Senat qo'mitasiga bildirishicha, Afg'onistonda siyosiy barqarorlikka to'siqlar ko'p, siyosiy kuchlar o'rtasida ahillik yo'q, Tolibon mamlakat bo'ylab xurujlarni amalga oshirishda davom etmoqda, pul yetishmayapti.

2016-yilda, deydi Klapper, ziddiyatlar yanada kuchayadi, bu esa saylov tizimidagi islohotlarni amalga oshirishga, parlament saylovlarini o'tkazishga pand beradi.

Fevral oxirida afg'on hukumati Tolibon bilan bevosita muzokara boshlashi kutilmoqda. Afg'oniston, Pokiston, AQSh va Xitoy diplomatlari o'tgan hafta Islomobodda uchrashib, tinchlik jarayonini jadallashtirishga va muzokaralarni tashkillashtirishga kelishib oldi.

Biroq Tolibon muloqotda qatnashishini hozircha ma'lum qilmadi. Jangarilar avval AQSh yetakchiligidagi xorijiy kuchlar mamlakatdan butunlay chiqsin, deya shart qo'ygan.

Klapperning Senat qo'mitasida aytishicha, Tolibon bu talabidan voz kechmaydi va sharti bajarilmaguncha, muzokara stoliga o'tirmaydi.

AQSh razvedkasi hisobotiga ko'ra, o'tgan yili Tolibon ichida rahbarlik uchun kechgan ichki kurashga barham berilib, harakatda hozir yana birlik hukm surmoqda. Mamlakat shimolidagi Qunduz shahrini ishg'ol qilib, ikki hafta ushlab turilgani Tolibonning yangi rahbari Mulla Axtar Mansur pozitsiyasini yanada kuchaytirdi.

“2016-yilda Tolibon o'tgan yilgidan ko'ra qattiqroq jang qiladi, mamlakatda xavfsizlik yanada yomonlashadi degan xulosaga keldik", - deydi Klapper.

Unga ko'ra, Kobuldagi markaziy hukumat isyonchilar xavfini bartaraf etmaguncha, iqtisodiy tushkunlikdan chiqa olmaydi, xorijiy moliyaviy yordamga tobeligidan qutula olmaydi.

Afg'oniston prezidentining matbuot kotibi Said Zafar Hoshimiy Klapperning Senatdagi chiqishiga jiddiy e'tibor bermaslikka chaqirdi.

Ba'zi mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarning qayd etishicha, Prezident Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdullaning siyosiy qarashlaridagi farqlar til topishib ishlashga, effektiv davlat boshqaruviga halaqit bermoqda, bu esa tanish-bilishchilik, korrupsiyaga qarshi kurashga pand bermoqda.

Xalq oldida yangragan va'dalarga qaramay, G'ani va Abdulla saylov tizimini isloh qilishga haligacha kelisha olmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG