Breaking News

Afg’onlar uchun eng muhimi tinchlik va tirikchilik


Bomiyon viloyati
Bomiyon viloyati
Afg’oniston fuqarolari bugun prezident uchun ovoz berdi. Saylovning ikkinchi va yakuniy qismi bo’lib o’tdi. Ovozlar sarhisob qilinmoqda. Natija hali e’lon qilinmagan.

Tolibon xurujlar haqida ogohlantirgan edi. Mamlakatning bir necha joyida portlashlar kuzatilgan. Talofatlar haqida xabar yo’q.

Saylov keskin choralar ostida o’tdi. Ko’chalardan oddiy fuqarolardan ko’ra harbiylar ko’p.

Ikki nomzod – Abdulla Abdulla va Ashraf G’ani – saylansa AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilishini, xususan harbiy sohada birga ishlashini aytib kelmoqda.

Oq uyga ko’ra, kelasi yildan boshlab Afg’onistonda 10 mingga yaqin askar bo’ladi. 2016-yilga borib ular mamlakatni tark etishi kerak, deydi prezident Barak Obama.

Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla deydiki, uning xalqi tinch va farovon yashashga haqli. Bunga uning o’zi erishishi, o’z kelajagini o’z qurishi lozim, deydi Abdulla. U e’tiborni barqarorlikni ta’minlashga qaratmoqchi.

Moliya va iqtisod bo’yicha yetuk mutaxassis sanalgan Ashraf G’ani infratuzilmani mustahkamlash, xususiy sektorni rivojlantirish va eng muhimi, afg’onlar uchun tirikchilikni osonlashtirishni o’zining oliy vazifasi deb biladi.

AQSh nazarida saylovlar bu xalq uchun ulkan muvaffaqiyat.

"Millionlab ayollar va erkaklar bugun va saylovning ilk bosqichida ovoz berib, oldinga yana bir demokratik qadam tashladi",- deydi Davlat kotibi Jon Kerri.

"Endigi sinov - ovozlarni haqqoniy sanash va jarayon oshkora va adolatli yakunlanishini ta'minlash. Afg'on xalqining shijoati meni lol qoldiradi. Uzoq yillik urush va qiyinchiliklarga qaramay bu xalq hamon kuchli irodaga ega ekanini isbotlay oladi. Amerika Afg'oniston bilan yonma-yon turib, uni quvvatlashda davom etadi",- deydi Kerri.

Aksar afg’onlar Kobul va boshqa yirik shaharlardan narida, qishloqlarda dehqonchilik qilib kun ko’radi. Ular uchun kim prezident bo’lishi emas, tinchlik va ish o’rinlari muhimroq.
Afg’onlar uchun prezident emas, tinchlik va ish o’rinlari muhim/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:51 0:00
Yuklab oling

Ashraf G’ani va Abdulla Abdulla o’rtasidagi poygadan, katta shaharlarning g’ala-g’ovuridan uzoqda Istalif singari kichik qishloqlar joylashgan. Poytaxtdan bir soatlik yo’l.

Kulol Nur Ahmad Ahmadiy uchun kim yutishining ahamiyati yo’q.

“G’ani bo’ladimi, Abdullami, turmushimizni yaxshilashsin, xalqni o’ylashsin. Farzadlarimiz bilimli bo’lsin, maktablar ko’paysin”, - deydi u.

Har ikki nomzod qudratli qo’mondonlar yordamiga tayanayotgani, bu fuqaro fikricha, hech qanday muammo tug’dirmaydi.

“Qo’mondonlarning el orasida hurmati bor, ularni quvvatlashadi”.

1990-yillarda Istalif Tolibon boshqaruviga qarshilik ko’rsatgani uchun barbod qilingan edi.

Do’kon egasi Muhammad Vasil Ahmadiyning aytishicha, jangarilar yana hamla qiladigan bo’lsa, uning qishloqdoshlari qo’l qovushtirib o’tirmaydi.

“Ular Afg’onistonga zulm qilishdan boshqaga yaramaydi. Tolibon olg’a surgan mafkura bizga kerak emas”, - deydi fuqaro.

Xorijiy askarlar Afg’onistondan ketar ekan, bu kabi kichik qishloqlarga ko’mak ham kamayishi mumkin.

Istalif oqsoqollari uzluksiz urush, qashshoqlik va siyosatdan xabardor. Hoji Nosir Ahmadning bo’lajak prezidentga maslahati quyidagicha:

“Vayron bo’lgan joylarni tiklasin. Zavod-fabrikalar, maktablar qursin. Eng muhimi, qonli urushlarni boshqa ko’rmaylik”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG