Breaking News

Amerikaliklar evakuatsiya qilingan afg'onlarga yordam qo'lini cho'zishga tayyor


Viskonsin shtatidagi Fort Makkoy harbiy bazasi
Viskonsin shtatidagi Fort Makkoy harbiy bazasi

Afg’onistondan AQShga evakuatsiya qilingan afg’onlarning katta qismi ayni paytda mamlakat ichidagi harbiy bazalarda vaqtincha saqlanmoqda. Bazalardan esa ular turli shtatlarga repatriatsiya qilinadi. Qochqinlarga yordam berishga jazm qilgan muruvvatli insonlardan xayriya puli kelib tushmoqda. Gumanitar tashkilotlar ularni uy-joy va ish bilan ta’minlashga hozirlanmoqda.

Xalqaro hayot – 1-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:20 0:00

Afg’onlarning bir qismi Viskonsin shtatidagi Fort-Makkoy bazasiga kelib tushgan. Bazaga yaqin joyda yashovchi Kayl Vanden Plas ularga ko’mak berishga qaror qildi.

“Elektron pochta orqali kelgan xatni o’qidimu, 10 daqiqa ichida o’z ma’lumotlarimni yubordim, yordam berishga ko’ngilli bo’lib yozildim”, - deydi u.

Vanden Plas Fort-Makkoyda vaqtincha yashab turgan salkam 13 ming afg’on uchun xayriyani yig’ib taqsimlovchi “Rubikon jamoasi” tashkilotiga qo’shildi.

“Ular asosiy narsalarga muhtoj – bolalar uchun taglik va oziq-ovqat, ayollar uchun gigiyena vositalari, kiyim-kechak. Shularni tartibga solish va muhtojlarga tarqatish bilan bandmiz”, - deydi ko’ngilli.

Fort-Makkoydagi minglab odamdan atigi 400 nafari Viskonsin shtatida qoladi, qolganlari boshqa joylarga, jumladan Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahriga ko’chiriladi.

“Oilalarni yaxshi kutib olishga harakat qilyapmiz”.

Nurulhaq Fazli AQShning Kobuldagi elchixonasida ishlagan. 2018-yilda Afg’onistonni tark etib, maxsus muhojirlik vizasi bilan Amerikaga borgan. U afg’on qochqinlariga Pitsburgda uy-joy va ish topish bilan shug’ullanadigan yahudiy tashkilotining yagona afg’on xodimi. Pitsburgga qancha odamning borishi va qachon borishi hozircha noma’lum.

“Bizga kech xabar berishlari qiyinchilik tug’dirmoqda. O’tgan hafta bir oilaning kelayotgani haqida 5 soat oldin bildirishdi. Tez harakat qilish kerak. Tayyorgarliklarga odatda bir oy vaqt ketadi, bizga esa 5 soat oldin xabar berishyapti”, - deydi Fazli.

“Inqirozli vaziyat bilan yuzlashyapmiz. Shunga. Odatda boshqacha ishlaymiz”, - deydi tashkilot rahbari Jordan Golin.

Ba’zilar afg’onlarning tez va tartibsiz evakuatsiya qilinganiga ishora qilarkan, Golin Amerika xavfsizligiga ehtimoliy tahdid bilan bog’liq har qanday xavotirlar bo’rttirilgan, deydi.

“Maxsus muhojirlik vizasini olgan odamlar maqomi bo’yicha qochqinlarga o’xshab ketadi. Ular maxsus toifadagi muhojirlar bo’lib, qaysi mamlakatdan kelmasin sinchkov tekshiruvdan o’tadi. Davlat departamenti nazoratidan o’tishadi, tibbiy ko’rik, shaxsiy ma’lumotlarini aniqlashtirish kabi ko’p bosqichli tekshiruvlardan o’tishadi. Bu juda uzoq jarayon. Bu toifa muhojirlari haqida Amerikaga sayyoh yoki talaba sifatida kelayotgan odamlarga qaraganda ancha ko’p ma’lumotga egamiz”, - deydi Golin.

“Hukumat mamlakatimizga kelayotgan afg’onlarni qattiq tekshiruvdan o’tkazadi. Ular xorijda biz bilan hamkorlik qilishgan, ko’p fidoiylik qilishgan”, - deydi Kayl Vanden Plas.

Fidoiylik so’zi Vanden Plas uchun begona emas. U AQSh armiyasining 2-piyoda diviziyasi safida jang qilgan urush faxriysi. 2009-yildan 2010-yilgacha Afg’oniston janubida toliblarga qarshi kurashgan.

“Afg’onistondagi voqealar ko’z o’ngimdan ketmaydi. Har kuni o’ylayman, hatto tushlarimga kiradi. Bu hayotimning bir qismiga, qissamning bir qismiga aylandi”, - deydi u.

Va bu qissa hali ham davom etmoqda.

“Ular o’z mamlakati va xalqi hayotini yaxshilash umidida amerikalik askarlarga yordam berishga ongli qaror qilishgan. Ularga qarzdormiz. Mana shu umidlarini amalga oshirish uchun yordamni ayamasligimiz kerak”, - deydi ko’ngilli.

Amerikaga kelayotgan yangi muhojirlar yordamga muhtoj ekan, Vanden Plas o’z xizmatlarini taklif etishda davom etishini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG