Breaking News

Afg'oniston tinchlik muzokaralari qayta boshlanmoqda


Delegatsiyalarning 2016-yilgi uchrashuvi, Kobul, Afg'oniston

Afg'oniston, Pokiston, Xitoy va Qo'shma Shtatlar afg'on urushiga siyosiy yechim topishga qaratilgan to'rt tomonlama muzokaralarni qayta boshlamoqda. Delegatsiyalar 16-oktabr kuni Ummonga yo'l oladi.

"Maqsad Afg'onistonda nizolashayotgan tomonlarni bir stol atrofiga to'plash. Bu masalada oldinga siljish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak", - deydi Nafis Zakaria, Pokiston Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisi.

Hamkorlik guruhi 2016-yilning yanvarida tuzilgan bo'lib, hukumatlar Kobul va Tolibon o'rtasida tinchlikka erishish uchun bor nufuzini ishga solishga va'da bergan edi. O'sha yili Tolibon rahbari Mulla Axtar Mansur AQSh havo hujumida yo'q qilingach, tinchlik jarayoni ham to'xtab qolgan.

Toliblar AQSh va NATO kuchlari Afg'onistonni tark etmasa afg'on hukumati bilan murosa qilmaymiz, deydi. Masalaning yana bir murakkab jihati - Afg'oniston va Pokiston o'rtasidagi ishonchsizlik.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Tolibon harakati yetakchilaridan biri qayta boshlangan tashabbus samarasiz ekanini ta'kidladi.

"Bizga hech kim murojaat qilmagan, unda qatnashmayapmiz", - deydi u.

Ayni paytda jangarilar Afg'oniston hududining taxminan 40 foizini nazorat qiladi. To'rt tomonlama muzokara izdan chiqqaniga Pokiston AQShni ayblagan. Mulla Axtar Mansur Pokistonning Balujiston viloyatida o'ldirilgan edi.

Bu shuni ko'rsatadiki, deydi afg'on va AQSh rasmiylari, toliblar Pokistonda erkin harakat qiladi va Afg'onistonda hujumlar uyushtiradi.

Diplomatik manbalarga ko'ra, to'rt tomonlama hamkorlik guruhi bu gal uchrashuvlarini maxfiy tarzda olib borish sharti bilan ishini qayta boshlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG