Muhojirlar hayotidan: Afg'on tarjimonining Amerikadagi azoblari

  • Amerika Ovozi

Faysal Razmal besh yil davomida AQSh harbiylariga tarjimonlik qilgan

Boshqa muhojirlar kabi afg'onistonlik Faysal Razmal ham Amerikaga buyuk orzular bilan kelgan edi. Imkoniyatlar diyori meni bag'riga oldi, deya quvongan edi. Vatanida bir necha bor bomba xurujlaridan omon qolgan axir.

Amerika harbiylariga besh yil davomida tarjimonlik qilgan mutaxassis maxsus immigratsion viza olgan.

Faysal dastlab Texas shtatining Ostin shahrida qarindoshlariga yaqin joyda yashadi. Lekin tirikchilik uni Kaliforniya shtatiga yetakladi. Yo'q, demadi. Ishdan qochmadi.

Biroq ko'p o'tmay bir o'smir uni ko'chada o'qqa olib, qattiq yaraladi. Faysal ko'r bo'lib qoldi.

Bunday ahvolda u ishlay olmay, nogironga aylandi. Yangi mamlakatdagi yangi hayoti bir pasda chilparchin bo'ldi.

Sehrli diyordagi ko'rguliklar

2008-yildan beri bir necha ming afg'on Amerikaga maxsus viza bilan kelgan. Ular urush zonalarida qilgan og'ir mehnatlari uchun shunday mukofotlangan. AQSh hukumati nazarida bu odamlar vatanida qolsa, hayoti xavf ostida.

Lekin Amerikaga kelgach ular boshqa muhojirlar kabi hayot uchun o'zi kurashadi.

Bu noto'g'ri, deydi Deyvid Granillo, Kobulda xizmat qilib qaytgan zobit. Faysalni u o'sha davrdan beri taniydi. Granillo fikricha, strategik jihatdan muhim vazifalarni bajargani uchun Faysal singari muhojirlar bu yerga kelganida imtiyozlar bilan siylanishi kerak.

Afg'onistonda harbiylar bilan ishlagan afg'onlar bir necha yildan keyin maxsus immigratsion viza uchun hujjat topshirishi mumkin. Amerika sizga eshik ochadi. Lekin yangi hayotni o'zingiz eplashingiz lozim.
Afg'onistonda harbiylar bilan ishlagan afg'onlar bir necha yildan keyin maxsus immigratsion viza uchun hujjat topshirishi mumkin. Amerika sizga eshik ochadi. Lekin yangi hayotni o'zingiz eplashingiz lozim.

Maxsus viza bilan qabul qilingan odam boshida bir necha oy moliyaviy yordam oladi. Ularni turli shtatlarda joylashtiradigan idoralar ham bor. Turli kurslar taklif qilishadi. Lekin yangi hayot boshlash va yangi jamiyatga o'rganish odamning o'ziga bog'liq. Davlat bu immigrantlarning har biriga boshida 2000 dollarga yaqin mablag' ajratadi. Undan keyin o'zingiz o'zingiz boqa olishingiz kerak.

Faysal Razmal esa Amerikaga cho'ntagida 50 dollar bilan kelgan. Tanishlari unga hukumat oyiga 3000 dollar beradi, oila a'zolarning har biri uchun yana alohida 1000 dollar, deya aytgan edi. Aldashgan ekan.

Faysalning rafiqasiga ular yashayotgan mahalla va u yerdagi muhit ma'qul kelmadi. Shovqin, ichkilikbozlik. Yangi joyga ko'chishdi. Lekin bu yerni cho'ntak ko'tarmadi. Bir necha joyda ishlashga majbur bo'ldi.

“Farroshlik qildim. Idish-tovoq yuvdim. Oshpazlik qildim. Nima imkoniyat topsam, o'zimni sinab ko'rdim", - deydi suhbatdoshimiz.

Qo'riqchilik ham qildi. Ovqat tashidi. Astalik bilan hayoti izga tusha boshladi.

Vashington shtatida yashayotgan qarindoshi vatanga qaytayotganini aytib, uni bo'shayotgan uyida yashashga taklif qildi.

“Pochcham menga "kelib, opangga qara, men ketayapman", dedi."

Faysal rozi bo'ldi. Yangi joydan ish ham topdi. Lekin qjigari bilan yashash qiyinchiliklar tug'dira boshladi. Oilalar chiqisha olmadi. Faysal rafiqasi bilan yana ko'chishga majbur bo'ldi.

Bu safar Sakramento shahriga, Kaliforniya shtatiga. Ko'p o'tmay fojia yuz berdi. 2015-yilning avgusti edi. Vatandoshlari bilan ko'chada gaplashib o'tirganida o'smirlar to'dasi kelib, ularni qurol bilan qo'rqitdi. Muhojirlar qarshilik ko'rsatdi. Faysalni otishdi. Omon qoldi lekin bir ko'zidan ayrildi.

Hozirda u ijtimoiy himoyasiz, chunki mahalliy hukumat bir yil yordam berdi xolos.

Shifokorlar bemorga "ahvoli juda og'ir, favqulodda ko'mak zarur", deya maxsus spravka bersa, davlatdan qo'shimcha madad so'rashingiz mumkin. Faysal shu tariqa olti oy nafaqa oldi. Oyiga 900 dollar. Oilani boqishga yetmaydi.

Faysal ishlashni xohlaydi, ammo yaxshi ko'rmasligi bois hozircha juda qiyin. Ertaga nima bo'lishi noaniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG