Breaking News

"Islomiy davlat" Afg'oniston-Pokiston chegarasida to'planmoqda


Pokiston-Afg'oniston chegarasi
Pokiston-Afg'oniston chegarasi

Pokiston va Afg'onistondagi oqsoqollarning aytishicha, "Islomiy davlat" jangari to'dasi ikki davlat chegarasida saflanib, faollashmoqda.

Afg'on qo'shinlari Amerika havo kuchlari yordamida chegaradagi tog'li hududlarda jangarilarning manzillarini zo'r berib o'qqa tutishga kirishgan. Achin va Kot tumanlaridagi bu reydlarda "Islomiy davlat"ning o'nlab a'zosi yo'q qilingan. Bu haqda Afg'oniston Mudofaa vazirligi ma'lum qilayapti.

Mahalliy armiya va koalitsiya oxirgi oylarda sharqdagi Nangarhor viloyatida "Islomiy davlat" to'dasining ko'pgina manzillarini tozalagan edi.

Biroq "Islomiy davlat" Pokiston bilan chegaradagi Achin va Kot tumanlarida bir necha qishloqni egallashga muvaffaq bo'lgan.

Markazdan uzoqdagi hududlarga hukumatning qo'li yetmaydi va u yerlar "Islomiy davlat"ning boshqaruvi ostida, deydi oqsoqollar.

Viloyat rasmiylari mahalliy politsiya safiga ko'proq odam yollab, Ichki ishlar qo'shinlarini kuchaytirmoqda, toki chekka qishloqlarda xavfsizlikni ta'minlasin. Afg'on mahalliy politsiyasida 30 ming jangchi bor.

"Islomiy davlat" Pokistonning Peshovar shahrida o'tgan dam olish kuni uch harbiyni qatl etganini tan olgan. Holbuki, bundan bir necha kun oldin Pokiston hukumati "Islomiy davlat"ning mamlakatga kirishga urinishlariga chek qo'yildi, deya e'lon qilgan edi. Jangarilar bu davlatga kirib o'rnashishga harakat qilayotgani haqida avvalroq xabar qilingan edi. Mamlakat Razvedka idorasidan Oftob Sulton yil boshida shunday ogohlantirish qilgan. Uning aytishicha, mahalliy jangarilar Suriyaga jo'nab ketib, "Islomiy davlat" safida malaka oshirgan.

Eron Inqilobiy gvardiyasi joriy hafta pokistonlik ikki shaxsni "Islomiy davlat" a'zosi deya hibsga olgan. Ular terror xurujlari rejalagani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG