Breaking News

Afg'oniston hukumati va Tolibon 18-mart kuni Moskvada uchrashadi


Arxiv surat. Tolibon vakillari Moskvada, 28-may, 2019-yil
Arxiv surat. Tolibon vakillari Moskvada, 28-may, 2019-yil

18-mart kuni Moskvada Rossiya vositachiligida afg’on tinchlik muzokaralari o’tkaziladi. Afg’oniston hukumati va Tolibon vakillari jarayonda qatnashish hozirligini bildirgan. AQSh maxsus elchisi Zalmay Xalilzod ham Moskvada bo’lishni rejalamoqda.

Xalqaro hayot – 17-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:00 0:00

Qo’shma Shtatlar Afg’oniston rahbarlariga murojaat qilib, saylovgacha muvaqqat hukumat tuzishni taklif etgan. Rossiya hukumati bunday tashabbusni olqishlar ekan, Tolibonni muvaqqat hukumat tarkibiga kiritishga chaqirmoqda.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, Moskvadagi uchrashuvlar Doxa muzokaralarini to’ldiradi, ammo o’rnini egallamaydi.

Moskvaga Xitoy va Pokiston rasmiylari ham taklif etilgan.

AQSh va Tolibon o’tgan yil fevralida kelishuv imzolab, shu yil 1-mayigacha xorijiy askarlarni Afg’onistondan chiqarishga kelishib olgan edi. Biroq AQShda prezident va Oq uy ma’muriyati o’zgarib, bu reja ijrosi hozircha savol ostida.

Amerika taklifiga ko’ra, yangi konstitutsiya qabul qilinishi ketidan prezident va parlament saylovlari o’tkazilishi kerak.

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani taklifga qarshi. Unga ko’ra, toliblar hukumat tarkibiga saylov orqali kirishi mumkin. Biroq Tolibon bunday rejaga e’tiroz bildirmoqda.

Afg’onistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchisi Javid Ahmadning aytishicha, Tolibonga 2013-yilda o’z hududida siyosiy idora ajratgan Qatar hukumati toliblarga yetarlicha bosim qo’ymagan, natijada jangarilar sulhga amal qilmadi, Afg’onistonda zo’ravonliklar susaymadi. Elchi nazarida, afg’on tinchlik muzokaralari turli qit’alarda o’tkazilishi kerak.

Tolibon Moskvaga harakat rahbarining o’rinbosari va bosh muzokarachisi Mulla Birodar rahbarligida 10 kishilik delegatsiya yuborayotganini ma’lum qildi. Aprel oyida esa muzokaralar Turkiyada o’tkazilishi kutilmoqda.

Afg’oniston sobiq prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, AQShning muvaqqat hukumatga doir so’nggi taklifi Qatarda to’xtab qolgan muzokaralarni jonlantirish uchun yaxshi imkoniyatdir.

Karzayga ko’ra, afg’onlar tinchlikka tashna, mamlakatni tezroq oyoqqa turg’izishni istaydi.

"Tinchlik afg’on xalqining eng ezgu orzusidir. Biz xalq sifatida, millat sifatida, mamlakat sifatida tinchlikka erishishga shoshilyapmiz. Qanchalik shoshilayotganimizni tasavvur qila olmaysiz ham”, - dedi Karzay.

Sobiq rahbar xorijiy askarlarning 1-maygacha Afg’onistondan chiqarilishiga qarshi. Unga ko’ra, bu tartibsizliklarga yetaklaydi.

AQSh Prezidenti Jo Baydenning “ABC” telekompaniyasiga aytishicha, askarlarni kelishilgan jadvalga ko’ra chiqarish oson bo’lmaydi.

"Kelishuv sobiq prezident bilan puxta ishlanmagan edi. Hozir ittifoqchilarimiz va afg’on hukumati bilan maslahatlashyapmiz. Qaror yaqinda ma’lum qilinadi”, - dedi Bayden.

Bu o’rtada Afg’oniston shimolidagi Bag’lan viloyatida jangarilar mahalliy universitetga qarashli mikroavtobusni nishonga olib, kamida 2 odamni o’ldirgan, 6 kishi jarohat olgan. Viloyat hokimi Muhammad Akbar Barakzayning aytishicha, hujumda bir talaba va transport haydovchisi halok bo’lgan, yaradorlar esa universitet ma’ruzachilari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG