Breaking News

Pokiston Tolibonni muzokaraga jalb eta olmayapti


AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Olsen Pokiston Tashqi ishlar kotibi E'zoz Choudri bilan suhbat chog'ida
AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Olsen Pokiston Tashqi ishlar kotibi E'zoz Choudri bilan suhbat chog'ida

Afg'oniston hukumati Tolibon bilan muzokaralarga kichikroq darajadagi delegatsiyasini yuborib, shu yo'l bilan qo'shni Pokistondan noroziligini ifoda etdi.

Kobulning bildirishicha, Islomobod Pokistondan turib qo'shni Afg'onistonda xurujlar uyushtirayotgan jangari guruhlarga qarshi harakatlarni kuchaytirishi zarur. AQSh va Afg'oniston rasmiylariga ko'ra, bular, asosan, afg'on Toliboni va Haqqoniy tarmog'i.

“To'rt tomonlama muvofiqlashtiruvchi guruhning Pokiston bilan bundan keyingi majlislari elchilar darajasida o'tkaziladi", - deydi Afg'oniston prezidenti matbuot kotibining o'rinbosari Dava Xon Menapal.

Guruhning chorshanba kungi majlisida Afg'oniston delegatsiyasiga Pokistondagi elchi Hazrat Umar Zahilval boschilik qildi. Bungacha Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari Hikmat Xalil Karzay majlislarda qatnashardi.

Majlisda AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Olsen, Xitoyning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Den Sitzyun va Pokiston Tashqi ishlar kotibi E'zoz Choudri ham qatnashdi.

“Aniq harakat bo'lmas ekan, tinchlik muzokaralari Afg'oniston hukumati uchun vaqtni bekor ketkazishdan boshqa hech narsa emas", - dedi Menapal.

Pokiston afg'on Tolibonini muzokaraga jalb qilishga sidqidildan harakat qilayotganini bildirib, bu oson ish emasligini, vaqt kerakligini aytadi. Pokiston rasmiylariga ko'ra, afg'on hukumati ichki siyosiy jarayonlar tufayli shoshtirmoqda.

O'tgan oy Kobulda Tolibon xurujida salkam 70 odam o'lganidan so'ng Kobul Islomoboddan Tolibonga qarshi chora ko'rishni yana bir bor talab qildi.

Prezident Ashraf G'ani qo'shni mamlakatga "Tolibonni yo haydang, yo harbiy chora ko'ring" deb keladi. Biroq Islomobod harbiy chora so'nggi 15 yilda ish bermaganini aytadi.

Mahalliy jurnalist va mintaqa bo'yicha ekspert Rahimulla Yusufzoyning aytishicha, Kobul Tolibon bilan muzokara boshlasa ham, undan hali beri natija kutmaslik kerak.

Muxbirga ko'ra, Pokiston Tolibonni muzokara stoliga o'tqaza olaman, deb o'ziga ortiqcha ishongan.

“Pokiston o'z manfaatlariga qarshi Tolibonni afg'on hukumati bilan kelishuvga erishishga majburlay olmaydi", - deydi u.

Yusufzoyga ko'ra, muammoga birdan-bir yechim shuki, Pokiston afg'on Toliboni va Haqqoniy tarmog'ini, Afg'oniston esa Pokiston Tolibonini o'z mamlakatlaridan chiqarib yuborishi kerak.

Payshanba kuni Afg'oniston hukumati AQSh terrorchi deb biladigan Gulbiddin Hikmatyorning "Hizbi Islomiy" jangari guruhi bilan tinchlik muzokaralarini boshlash haqida bitim imzoladi. "Hizbi Islomiy" Tolibon kabi qudratli emas, ammo harakat bilan aloqalari tarang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG