Breaking News

Tolibon boshqaruv uslubini o'zgartirishga tayyormi?


Tolibon so'zlovchisi Zabihulla Mujohid

AQSh Prezidenti Jo Bayden Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha bayonot berib, o’zga mamlakat fuqarolar urushida ishtirok etish ortiq Amerikaning ishi emas, dedi. Bayden Afg’onistondan Amerika askarlarini olib chiqish qaroridan afsusda emasligini aytdi.

Xalqaro hayot - 17-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:39 0:00

“Haqiqat shuki, so’nggi voqealar biz kutgandan tez rivojlanib ketdi. Nima bo’ldi aslida? Afg’onistonning siyosiy rahbarlari taqdirga tan berib, mamlakatdan qochib ketdi. Afg’on armiyasi parchalandi, ba’zan jang qilishga ham harakat qilmadi. So’nggi haftadagi voqealar AQShning Afg’onistondagi harbiy amaliyotiga chek qo’yish qarorining to’g’ri ekanini ko’rsatdi. Afg’on kuchlari o’zlari uchun jang qilishni istamagan urushda Amerika askarlari jang qila olmaydi va qilishi kerak emas”, - dedi Bayden.

Kongressdagi respublikachi qonunchilar va ayrim demokratlar Baydenni afg’on hukumatining bu qadar tez qulashini ko’ra bilmaganlikda, dunyo bo’ylab AQShga bo’lgan ishonchga ehtimoliy zararni to’g’ri baholay olmaganlikda aybladi.

“Bu Bayden prezidentligida doimiy chandiq bo’lib qoladi. Prezidentligi muvaffaqiyatsiz bo’ladi deyishmas bu. Vaqt o’tishi bilan ba’zilar askarlarni chiqarish muqarrar bo’lganini, Bayden qarorining to’g’ri bo’lganini tan olar balki”, - deydi Tinchlik uchun Karnegi jamg’armasidan Aaron Deyvid Miller.

Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni olgani bilan AQSh tashqi yordamga muhtoj bu mamlakatga iqtisodiy bosim qo’yishi, aksilterror amaliyotlar o’tkazib turishi mumkin, deydi ayrim tahlilchilar.

“Tolibon al-Qoida yoki Daish bilan apoq-chapoq bo’lsa yoki ayollarga nafrat bilan qarovchi odatiga qaytsa, boshqa afg’onlarga qarshi zulm o’tkazsa, harbiy yo’l bilan jazolash imkonimiz bor”, - deydi Brukings tahlil institutidan Maykl Oxanlon.

Davlat departamenti AQSh elchixonasida odam qolmaganini ma’lum qildi. Pentagonga ko’ra, amerikalik 2500 askar Kobul aeroportida evakuatsiya ishlarida, Amerikaga yordam bergan, ammo AQSh vizasini hanuz ololmagan minglab afg’onlarni chiqarishda yordamlashmoqda.

“Amerika fuqarolari hamda hayoti xavf ostida bo’lgan ag’onlarni Afg’onistondan imkon qadar tez va xavfsiz olib chiqishda yordam beryapmiz”, - deydi AQSh qurolli kuchlari general-mayori Xenk Teylor.

Bir kun oldin AQShning Qatarga yo’l olgan harbiy samolyoti 640 afg’onni Kobuldan olib chiqdi. Ba’zilar samolyotning ustiga chiqib, uchoq havoga ko’tarilishi bilan yerga qulab halok bo’lgan.

AQShga trillionlab dollarga tushgan va ko’p hollarda g’alabani aniq ta’riflay olmagan urush mavhum yakuniga yuz tutdi.

“O’tmishdagi xatolarimizni – AQSh milliy manfaatiga javob bermaydigan mojaroda cheksiz muddat qolib, jang qilish, xorijiy mamlakatdagi fuqarolar urushini kuchaytirish, AQSh qo’shinlarini tinimsiz jalb qilish orqali boshqa mamlakatni yaxshilash kabi xatolarimizni takrorlamayman”, - dedi Prezident Jo Bayden.

2001-yildan beri AQShning to’rt prezidenti – ikki demokrat va ikki respublikachi rahbar Tolibonning Afg’onistondagi ta’sirini yo’qotishga ojizlik qildi. Bayden Amerika tarixidagi eng uzoq mojaroni o’zidan keyingi rahbarga qoldirmasligini aytdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Bashelet inson huquqlari bobida ishlagan minglab afg’onlar xavfsizligidan xavotirda ekanini bildirib, siyosiy boshpana olishga intilayotgan afg’onlarning majburan deportatsiya qilinishiga chek qo’yishga chaqirdi.

BMT rasmiysining matbuot kotibi Rupert Kolvil Afg’onistonda inson huquqlari bobida ter to’kib, millionlab insonlar hayotini yaxshilashga hissa qo’shgan minglab afg’onlar hayoti xavf ostida ekanini aytdi.

BMT hisobiga ko’ra, yanvar oyidan beri 550 mingdan ziyod afg’on uyini tark etishga majbur bo’lgan. So’nggi kunlarda xalqaro chegaradan o’tganlar soni ancha cheklangan, deydi Qochqinlar bo’yicha agentlik so’zlovchisi Shabiya Mantu.

BMTning Bolalar jamg’armasi – YUNISEFning bildirishicha, Tolibon vakillari Afg’onistonning ayrim hududlarida qizlarni o’qitish kerakligiga urg’u bermoqda.

Agentlik vakili Mustafo Ben Ma’sudning aytishicha, YUNISEF Tolibon bilan hamkorlikka tayyor, ko’p hududlarga yordam yetkazilmoqda.

"Tolibon bilan birorta muammo bo’lmadi”, - deydi u.

Afg’onistonni ilk bor 1996-yildan 2001-yilgacha boshqargan toliblar ayollarni ishlash, qizlarni o’qish imkoniyatidan mahrum qilgan edi. Biroq harakat siyosati va boshqaruv uslubi o’zgarayotganiga ishora qilmoqda.

Masalan, deydi Ben Ma’sud, Hirotda Tolibonning sog’liqni saqlash masalalariga mas’ul rasmiysi xizmatchi ayollarni ishga qaytishga da’vat etgan.

Kobulda esa ommabop “ToloNews” televizion kanalining jonli efirida jurnalist ayol Tolibon so’zlovchisi bilan suhbat qildi – ilgari tasavvur qilib bo’lmaydigan holat.

Bu o’rtada Hindistonning 170 dan ziyod fuqarosi, jumladan elchisi Kobuldan harbiy samolyotda evakuatsiya qilindi. Elchi Rudrendra Tandonga ko’ra, so’nggi 3 kunda elchixonaning salkam 200 xodimi Afg’onistondan olib chiqilgan.

Turkiya 324 fuqarosini evakuatsiya qilgan. Bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li Anqara Afg’onistondagi barcha siyosiy kuchlar, jumladan Tolibon bilan aloqada ekanini aytgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Afg’onistondagi barcha elat vakillarini to’planib, mamlakat kelajagini muhokama qilishga chaqirdi. Rossiya Tolibon hukumatini tan olishga shoshayotgani yo’q, harakat bilan aloqadamiz, dedi u.

“G’arbcha turmush tarzini Afg’onistonga singdira olamiz deb o’ylash soddalikdan boshqa narsa emas. Mamlakatning asrlar davomidagi an’analarini inkor etib, o’z qadriyatlarini dunyoga o’tkazishga harakat qilishdir bu. Mana shu katta xato bo’ldi”, - dedi Lavrov.

Tolibon rahbariyati Afg’onistonning yetakchi siyosatchilari, jumladan Abdulla Abdulla, sobiq prezident Hamid Karzay, Islomiy partiya rahbari Gulbiddin Hikmatyor bilan yangi hukumat tuzish xususida muzokara qilmoqda. Tolibonning madaniy komissiyasi a’zosi Enamulla Samangoniyning aytishicha, ayollar ham hukumatda shariat asosida ishlashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG